G‘azo uchun dunyo davlatlari qanday yordam va’da qildi?

19 fevral kuni Vashington shahrida AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dunyoning bir qator davlatlari va xalqaro hamkorlar G‘azoda barqarorlikni tiklash, aholi hayotini yaxshilash hamda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan aniq tashabbus va yordam paketlarini taqdim etdi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchi mamlakatlar quyidagi yordam turlarini taklif qildi:
🇺🇿 O‘zbekiston
G‘azoda turar joy majmualari, bolalar bog‘chalari, umumta’lim maktablari hamda tibbiyot muassasalarini barpo etishda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi. Shu orqali fuqarolarning kundalik hayotini tiklashga hissa qo‘shish rejalashtirilmoqda.
🇺🇸 AQSH
Chegara hududlarida xavfsizlik va tinchlikni ta’minlash maqsadida 10 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam ajratishga va’da berdi.
🇦🇪 Birlashgan Arab Amirliklari
Tinchlik kengashi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar uchun 1,2 milliard dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirishini ma’lum qildi.
🇶🇦 Qatar
Kengash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 milliard dollar ajratishga tayyorligini bildirdi.
🇸🇦 Saudiya Arabistoni
Yaqin yillar davomida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan dasturlar uchun 1 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.
🇮🇩 Indoneziya
G‘azoda xalqaro xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan kuchlar tarkibiga 8 ming nafar yoki undan ortiq harbiy xizmatchini yuborishga tayyor ekanini bildirdi.
🇰🇿 Qozog‘iston
Tinchlik kengashiga kechiktirmasdan salmoqli moliyaviy hissa qo‘shish, shuningdek, oziq-ovqat yordami doirasida bug‘doy yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qildi.
🇧🇭 Bahrayn
G‘azo uchun samarali davlat raqamli xizmatlari platformasini ishlab chiqish maqsadida zarur infratuzilma, texnik imkoniyatlar va malakali mutaxassislarni taqdim etishga tayyor.
🇪🇬 Misr
Mintaqa ichida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida falastinlik politsiya xodimlarini tayyorlash bo‘yicha amaliy ishlarini davom ettirishini bildirdi.
🇷🇴 Ruminiya
Favqulodda xizmatlar, ta’lim muassasalari, shuningdek politsiya va adliya tizimi kabi muhim institutlarni qayta tiklashda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
🇹🇷 Turkiya
Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini qayta tiklash, huquq-tartibot idoralari xodimlarini tayyorlash hamda xalqaro barqarorlashtirish kuchlari tarkibiga harbiy xizmatchilar ajratishga tayyorligini bildirdi.
🇲🇦 Marokash
Politsiya xodimlarini yuborish, G‘azodan bo‘lgan politsiyachilarni qayta tayyorlash, shuningdek, harbiy dala shifoxonasini joylashtirish orqali amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tashabbuslar G‘azoda ijtimoiy infratuzilmani tiklash, xavfsizlikni mustahkamlash hamda aholining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli xalqaro sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!