Alyaska yaqinida Rossiya samolyotlari kuzatildi: AQSH qanday reaksiya berdi?

Alyaska qirg‘oqlari yaqinida Rossiyaning bir nechta harbiy samolyotlari aniqlanib, kuzatuvga olindi. Bu haqda NORAD rasmiy bayonot bergan. Hodisa 2026-yil 19-fevral kuni AQSHning Havo hujumidan mudofaa identifikatsiya zonasi (ADIZ) atrofida qayd etilgani aytilmoqda.
Qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, nazorat ikkita Tu-95, ikkita Su-35 va bitta A-50 samolyotiga nisbatan olib borilgan. Javob chorasi sifatida amerikaliklar havoga ikkita F-16, ikkita F-35, bitta E-3 hamda to‘rtta KC-135 yoqilg‘i quyish samolyotini ko‘targan — maqsad samolyotlarni aniq identifikatsiya qilish, to‘sib olish va kuzatib borish bo‘lgan.
Shu bilan birga, NORAD bu vaziyatni “hujum” deb baholamagan: Rossiya bortlari xalqaro havo hududida qolgani, Kanada yoki AQSHning suveren havo hududiga kirmagani ta’kidlangan. Qo‘mondonlik “bunday parvozlar Alyaska ADIZ hududida muntazam kuzatiladi va tahdid sifatida ko‘rilmaydi”, deb qo‘shimcha qilgan.
Bu orada yana bir qiziq detal ham tarqaldi: 2026-yil 20-fevral kuni ertalab Boeing‘ning Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti Rossiya osmoni orqali harakatlangani haqida treking xizmatlari ma’lumotlari paydo bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, u Vashington atrofidagi Joint Base Andrews’dan ko‘tarilib, Grenlandiya, Norvegiya va Finlyandiya yo‘nalishi orqali o‘tib, Rossiya hududida — xususan, Murmansk viloyati tomonlarda ko‘ringan, keyin esa Qozog‘iston havo hududiga chiqqan.
Qisqasi, osmondagi “ko‘z-quloq” rejimi yana ishlagan: bir tomonda navbatdagi ADIZ epizodi, ikkinchi tomonda esa yo‘nalishi qiziq reys. Hozircha rasmiylar nuqtayi nazaridan vaziyat keskinlashuv belgisi sifatida emas, odatiy kuzatuv-identifikatsiya jarayoni sifatida ko‘rilyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!