Dunyoning eng boy odami umrining oxirigacha qancha soliq to‘laydi?

Amerikalik tadbirkor, SpaceX asoschisi va Tesla rahbari Ilon Mask X ijtimoiy tarmog‘ida kutilmagan hisob-kitobi bilan yana kun tartibiga chiqdi. Uning yozishicha, umrining oxiriga qadar to‘laydigan soliq miqdori 500 milliard dollardan ham oshishi mumkin.
Maskning fikricha, bu raqamga nafaqat yillik to‘lovlar, balki meros/mulk bilan bog‘liq soliq majburiyatlari ham “qo‘shilib” ketadi. Ya’ni gap bir yillik to‘lov emas, butun hayot davomida yig‘iladigan ulkan summa haqida ketyapti.
Ma’lumot uchun, 2026 yil fevral boshlarida Mask SpaceX va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi xAI’ni bir strukturaga birlashtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Ayrim nashrlar bu kelishuvdan keyin uning boyligi juda keskin oshganini ta’kidlagan.
Yana bir qiziq epizod: yanvar oyida Mask “bir yil shu qadar katta soliq to‘laganmanki, IRS kompyuteri (rostdan ham) ishdan chiqqan” degan mazmunda post qoldirgan, hatto “raqamlar juda ko‘p bo‘lib ketgani uchun dasturni yangilashgan” deb hazilomuz qo‘shimcha qilgan.
Qisqasi, Mask bu gaplari bilan bir tomondan “men soliq to‘layapman” degan signal beryapti, ikkinchi tomondan esa ulkan kapital bilan davlat tizimlari “bir formatga sig‘may qolishi” mumkinligini ham qoqib o‘tmoqda. Endi asosiy qiziq joyi — bu bayonotlar atrofidagi muhokama yana qancha davom etishi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!