date

Quyosh yuzasi dog‘lardan tozalandi: faollik qisqa tanaffusda...

Quyosh yuzasi dog‘lardan tozalandi: faollik qisqa tanaffusda...

22 fevral, yakshanba kuni Rossiya FA Kosmik tadqiqotlar instituti huzuridagi Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi olimlari Quyoshning ko‘rinadigan qismida quyosh dog‘lari butunlay yo‘qolganini rasman tasdiqladi. Hozir Quyosh yuzasi go‘yo yangi yuvib chiqqan oynadek “mutlaqo toza” ko‘rinishga kelgan.

E’tiborli tomoni, sutkalik quyosh dog‘lari indeksi nol darajaga tushgan. Qolaversa, chaqnashlar faolligi ham 2024 yildan beri ilk bor to‘liq to‘xtagani qayd etilgan. Ya’ni, Quyosh birozga “pauza” bosgandek: hech qanday dog‘, hech qanday chaqnash — tinim.

Lekin mutaxassislar shoshilmaslikni so‘ramoqda. Ular bu holatni global minimal bosqich boshlandi, deb talqin qilish to‘g‘ri emasligini ta’kidlaydi. Yer hozir Quyosh faolligining 25-navbatdagi 11 yillik sikli cho‘qqisidan keyin kuzatiladigan qisqa tinchlanish davriga kirgan, xolos.

Olimlarning izohicha, bunday “tinch kunlar” hatto Quyosh faol bo‘lgan fazalarda ham uchrab turadi. Sababi juda oddiy: eski dog‘lar Quyosh diskining chet qismi ortiga aylanib ketadi, yangi dog‘lar guruhlari esa hali paydo bo‘lishga ulgurmaydi. Natijada, bir muddat Quyosh “sodda” ko‘rinishda qoladi.

Laboratoriya vakillaridan biri Sergey Bogachyovning aytishicha, bu vaqtinchalik holat. Faollik bir necha kun yoki hatto bir necha hafta ichida yana tiklanishi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, bunday qisqa tanaffus odamlar uchun hatto foydali taraflarga ega. Geomagnit bo‘ronlar kamayadi, aloqa tizimlarida uzilishlar ehtimoli pasayadi, sun’iy yo‘ldoshlar hamda energiya tarmoqlari uchun xavf nisbatan past bo‘ladi. Qisqasi, osmondagi “katta generator” birozga sokinlashsa, Yerdagi texnika ham nafas rostlaydi.

Ma’lumot uchun, Quyosh dog‘lari, chaqnashlar va magnit bo‘ronlari ma’lum davriylikda kuchayib-pasayib turadi. Shu davriy o‘zgarishlar “quyosh sikli” deb ataladi va to‘liq sikl o‘rtacha 11 yil davom etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Quyosh yuzasi dog‘lardan tozalandi: faollik qisqa tanaffusda...