"AQSH va Isroil juda og‘ir oqibatlarga duchor bo‘ladi" — еronlik professor

Yaqin Sharqdagi keskinlik yangi va dahshatli bosqichga o‘tmoqda. Tehron universiteti professori Said Muhammad Marandiyning bayonotlari dunyo ahlini larzaga keltirdi. Uning fikricha, Vashington va Tel-Aviv o‘zlari uchun halokatli bo‘lgan "tuzoq"qa tushib bo‘lishdi. Zamin.uz nashri eronlik ekspertning shov-shuvli bashoratlarini taqdim etadi.
28 fevral kuni boshlangan harbiy harakatlar Eron uchun kutilmagan zarba bo‘lmadi. Professor Marandiyning ta’kidlashicha, Islom Respublikasi bu to‘qnashuvga AQSH Afg‘onistonga bostirib kirgan va Tehronni "yovuzlik o‘qi"ga kiritgan davrdan — qariyb chorak asrdan beri hozirlik ko‘rib kelgan.
Strategik maqsad: Birinchi nishon Isroil emas!
Ekspertning fikricha, Eronning asosiy harbiy salohiyati Isroilni yo‘q qilishga emas, balki mintaqadagi asosiy xavf — AQSHga qarshi turishga yo‘naltirilgan.
"Eronning bor kuchi Fors ko‘rfazi va Hind okeanida Vashingtonga qaqshatqich zarba berishga moslashtirilgan. Bu yer Vashingtonning eng zaif nuqtasidir", — deydi professor.
Iqtisodiy "yadro quroli": Fors ko‘rfazi
Marandiy Fors ko‘rfazini sayyoradagi eng nozik hudud deb atadi. Dunyo neft zaxiralarining 20 foizi va ulkan tabiiy gaz manbalari aynan shu yerda joylashgan. Urushning bu hududga ko‘chishi global iqtisodiyot uchun "shok" holatini keltirib chiqaradi, bu esa Donald Tramp uchun og‘ir siyosiy oqibatlarga olib kelishi muqarrar.
"Fors ko‘rfazi - sayyoradagi eng zaif joy, bu yerda dunyodagi barcha neftning 20 foizi, shuningdek, tabiiy gaz qazib olinadi. Amerika allaqachon shok holatida, ammo Qo‘shma Shtatlar va ularning mintaqadagi ittifoqchilarining ishlari tobora yomonlashib boraveradi," - deb hisoblaydi Marandiy.
"Eski dronlar — dushmanni aldash taktikasi"
Hozirgacha berilgan zarbalar Tehronning haqiqiy kuchi emas, balki ayyorona rejasining bir qismidir. Professorning aytishicha, Eron hozircha 10-15 yillik eskirgan dron va raketalardan foydalanmoqda.
- Maqsad: Dushmanning qimmatbaho havo hujumidan mudofaa tizimlarini ("Temir gumbaz" va boshqalar) charchatish va o‘q-dorilarini tugatish.
- Keyingi qadam: Yaqin soatlar yoki kunlar ichida Eron o‘zining eng zamonaviy, maxfiy qurollarini ishga soladi.
Yengdagi "kozirlar" va rejim barqarorligi
Marandiy AQSH va Isroilning Eronda hokimiyatni almashtirish yoki Oyatulloh rejimini yo‘q qilish haqidagi xomxayollari amalga oshmasligiga ishonchi komil. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehronning yer osti bazalari va ulkan arsenali hali "syurprizlar"ga boy.
Sizningcha, Eronning "yaqin soatlarda" va’da qilayotgan yangi texnologiyalari haqiqatdan ham urush taqdirini o‘zgartira oladimi yoki bu shunchaki psixologik bosimmi?
Mintaqadagi vaziyatni zamin.uz bilan soniyama-soniya kuzatib boring.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!