Rossiya mudofaa vaziri sobiq o'rinbosari hibsga olindi

Rossiya mudofaa vazirining sobiq birinchi o'rinbosari Ruslan Soliqovga nisbatan jiddiy ayblovlar ilgari surildi. Basman sudi qarori bilan u bir oy 29 sutka muddatga uy qamog'iga o'tkazildi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, Soliqov 2017 yildan 2024 yilga qadar davom etgan jinoiy uyushma tuzganlikda gumon qilinmoqda. Ushbu guruh orqali davlat budjeti mablag'lari talon-toroj qilingani va keyinchalik legallashtirilgani aytilmoqda.
Tergov organlari Soliqovni poraxo'rlikda ham ayblamoqda. Hozircha 12 ta epizod ko'rib chiqilayotgan bo'lsa, jinoiy uyushma tashkil etish moddasi bo'yicha unga 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Shuningdek, tergov davomida uning va oila a'zolarining nomiga rasmiylashtirilgan ko'plab ko'chmas mulk obyektlari, jumladan, yer uchastkalari va turar-joylar aniqlangan. Uning farzandlari ham qurilish hamda ko'chmas mulkni boshqarish sohasida yirik daromadlar olib kelgan bizneslarga egalik qiladi.
Eslatib o'tamiz, Ruslan Soliqov 2024 yil iyun oyida prezident Vladimir Putin farmoni bilan lavozimidan ozod etilgan edi. U sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoyguning yaqin safdoshlaridan biri sifatida tanilgan. Hozircha bu ayblovlar tergov versiyasi bo'lib, sud jarayonida barcha tafsilotlar oydinlashishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!