Yaqin Sharqdagi urush neft bozorini larzaga soldi

Bahraynning eng yirik energetika kompaniyasi hisoblangan Bahrain Petroleum Company 9 mart kuni fors-major holati yuzaga kelgani sababli neft mahsulotlari eksportini vaqtincha to'xtatdi. Bunga Al-Mamir hududidagi neftni qayta ishlash zavodida sodir bo'lgan yirik yong'in sabab bo'ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda zavod hududidan ko'tarilayotgan qora tutun ustunlarini ko'rish mumkin. Kompaniya rasmiy bayonotida ushbu hodisa mintaqadagi davom etayotgan harbiy mojarolar va infratuzilmaga qilingan hujumlar bilan bog'liqligi ta'kidlangan. Hozirgi vaqtda zavod ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan bo'lib, yetkazilgan zarar ko'lami mutaxassislar tomonidan o'rganilmoqda.
Mahalliy rasmiylar yong'inga Eron tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi raketa zarbalari sabab bo'lganini ma'lum qilishdi. Eslatib o'tamiz, o'tgan hafta QatarEnergy kompaniyasi ham o'z ishlab chiqarish ob'ektlariga qilingan hujumlar tufayli shunga o'xshash chorani qo'llashga majbur bo'lgan edi. Qatar energetika vazirligi agar AQSH va Isroil Eron bilan urushni to'xtatmasa, Fors ko'rfazi davlatlari neft eksportini butunlay to'xtatishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Mintaqadagi vaziyat 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanishi bilan keskinlashdi. Eron bunga javoban mintaqadagi Amerika harbiy bazalari va muhim energetika ob'ektlariga dron hamda raketalar bilan zarba bermoqda. Shuningdek, Eron dunyodagi neft tashishning asosiy yo'lagi hisoblangan Ho'rmuz bo'g'ozini yopib qo'ydi. Ushbu omillar ta'sirida jahon bozorida neft narxi keskin ko'tarilib, 9 mart kuni Osiyo birjalarida bir barrel neft qiymati 120 dollarga yaqinlashdi. Bu ko'rsatkich 2022 yildan buyon kuzatilmagan rekord daraja hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!