Minabdagi maktab zarbasi urushning qonli ramziga aylandi

Eronning Minab shahrida joylashgan maktabga berilgan zarba urushning eng fojiali va bahsli ramzlaridan biriga aylandi. Xalqaro axborot vositalari bu hujum ortida kim turgani haqida turli ma’lumotlarni keltirmoqda.
Reuters axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, maktabga katta ehtimol bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiylari tomonidan zarba berilgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, The New York Times nashri maktabga qilingan hujum uning yonida joylashgan harbiy obyektga berilgan zarba bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganiga e’tibor qaratgan.
Rasmiy Vashington esa bu voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilib, fuqarolik inshootiga ataylab zarba berilgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Biroq hozircha Amerika tomonidan bu masala bo‘yicha aniq dalillar taqdim etilmagani ham ta’kidlanmoqda.
Eron ron 7 mart kuni BAAdagi AQSHning Al-Darfa harbiy bazasiga zarba berdi. Tehronga ko‘ra, aynan shu baza Minabdagi maktabga uyushtirilgan hujumda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, mazkur bazaga qilingan zarba natijasida halok bo‘lgan va jarohat olgan Amerika harbiylarining soni 200 nafardan oshgan bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda ushbu bazaga qilingan hujum haqidagi xabarlar tarqalgan paytda Amerika sobiq prezidenti Donald Tramp Eronga nisbatan “juda kuchli zarbalar” berilishi mumkinligini aytgani ham qayd etilmoqda. Ayrim kuzatuvchilar bu bayonotni Amerika harbiylari orasida jiddiy yo‘qotishlar bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘lashmoqda.
Bu urush davomidagi eng bahsli bayonotlardan biri esa Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tomonidan aytildi. Uning ta’kidlashicha, u va Donald Tramp birgalikda “dunyoni qutqarish” vazifasini bajarayotgan emish. Qizig‘i shundaki, bu gaplar mutlaqo jiddiy ohangda aytilgan.
Kuzatuvchilarning aytishicha, “dunyoni qutqarish operatsiyasi” boshlanishidan avval dunyodagi vaziyat bugungi kunga nisbatan ancha tinch edi.
Shu orada Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Amerika telekanallaridan biriga intervyu berdi. Suhbat davomida jurnalist undan: “Mamlakatingizga Amerika harbiylari quruqlik orqali hujum qilishi mumkin. Bundan qo‘rqmaysizmi?” deya savol berdi.
Aroqchi bu savolga keskin javob berib, “Yo‘q, aksincha. Biz ularni kutayapmiz”, deya ta’kidladi. Bu bayonot ayrim tahlilchilar tomonidan juda qat’iy chaqiriq sifatida baholanmoqda.
Ko‘pchilik urushni qoralayotgan bo‘lsa-da, ayrim kuzatuvchilar fikricha, masofadan turib raketa otib chekinishdan ko‘ra, yuzma-yuz jang qilish ancha ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri kurash hisoblanadi.
Shu bilan birga, ba’zi tahlilchilar Amerika qo‘shinlari bunday ssenariyga jur’at qilishi qiyin bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Chunki Eron hududiga kirib jang qilish oddiy harbiy operatsiya emas, balki juda murakkab va katta xavf-xatarlar bilan bog‘liq jarayon hisoblanadi.
Bir kishini o‘ldirish bilan ish bitganida edi, Eron allaqachon qulagan bo‘lar edi. AQSH hech qachon boshlanmasligi kerak bo‘lgan urushni boshlab qo‘ydi. Endi uni qanday tugatishni bilmayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!