23 yoshli Mehrona Noibovaning o‘limi yuzasidan prokuratura xodimi hibsga olindi

Tojikiston Bosh prokuraturasi 23 yoshli Dushanbe shahrida yashovchi Mehrona Noibovaning o‘limi bilan bog‘liq ish yuzasidan ilk bor rasmiy izoh berib, tergov doirasida ushbu idoraning bir nafar xodimi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Bosh prokuror Habibullo Vohidzoda matbuot anjumanida so‘zga chiqib, Firuz Saidzoda hibsga olingani va hozirda qamoqda saqlanayotganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan kuni Saidzoda shaxsiy ishlari bilan yo‘lga chiqqan va safar davomida Davlat Arabzodaning haydovchilik xizmatidan foydalangan.
Shuningdek, Vohidzoda avvalroq ommaviy axborot vositalarida nomi tilga olingan Davlat Arabzoda ushbu voqeaga aloqador emasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, Arabzoda faqat haydovchi sifatida ishtirok etgan.
Mehrona Noibovaning o‘limi haqidagi ish uning jasadi 7 aprel kuni Darvoz tumanidagi Panj daryosi sohilidan topilganidan so‘ng keng jamoatchilik e’tiborini tortgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mehrona 3 aprel kuni do‘stlari, jumladan, Bosh prokuraturaning ikki nafar xodimi bilan birga Darvoz tumanidagi «Chorchaman» dam olish maskaniga borgan. U 4 aprel tongida bedarak yo‘qolgan.
Avvalroq e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, guvohlar tergovchilarga Mehrona daryo sohilida bo‘lgan vaqtda suvga tushib ketganini aytgan. Biroq marhumaning yaqinlari o‘z joniga qasd qilgani haqidagi rasmiy talqinga ishonmasliklarini bildirib, voqeani xolisona tergov qilishni talab qilib kelmoqda.
Bosh prokuror Habibullo Vohidzoda hozirda tergov harakatlari davom etayotganini va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishning barcha holatlarini har tomonlama o‘rganayotganini ma’lum qildi.






























Izohlar 0
…