Yaponiyada insonga cho‘chqa buyragini ko‘chirishga tayyorgarlik boshlandi

Yaponiyada tibbiyot sohasida katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan ilmiy loyihaga start berilishi rejalashtirilmoqda. Mamlakat olimlari 2028 yildan boshlab genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqa buyraklarini insonlarga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha klinik sinovlarni boshlashni maqsad qilgan. Bu haqda The Japan Times nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha Meydzi universiteti negizida tashkil etilgan PorMedTec biotexnologik startapi tomonidan amalga oshirilmoqda. Kompaniya bu borada AQSHning eGenesis biotexnologik firmasi bilan hamkorlik qilib, maxsus genetik modifikatsiya qilingan cho‘chqalardan foydalanmoqda.
Rejaga ko‘ra, cho‘chqalardan olingan buyraklar Sapporo shahridagi Xokkaydo universiteti shifoxonasi hamda Kanagava prefekturasida joylashgan Shonan Kamakura umumiy shifoxonasida tanlab olingan bemorlarga ko‘chirib o‘tkaziladi. Mutaxassislar ushbu klinik sinovlar xavfsizlik va samaradorlik nuqtayi nazaridan sinchiklab kuzatilishini ta’kidlamoqda.
Olimlar fikricha, hayvondan insonga organ ko‘chirish, ya’ni ksenotransplantatsiya, donor organlar tanqisligi muammosini hal etishning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Agar ushbu texnologiya o‘zini oqlasa, kelajakda minglab bemorlarning hayotini saqlab qolish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eGenesis kompaniyasi tomonidan parvarish qilinayotgan cho‘chqalarda inson organizmining yangi organni rad etish ehtimolini kamaytirish hamda hayvon viruslarining insonga yuqish xavfini pasaytirish maqsadida jami 69 ta genetik o‘zgarish amalga oshirilgan.
Hozirga qadar AQSHda ushbu texnologiya asosida to‘rtta klinik sinov o‘tkazilgan. Ayrim bemorlar operatsiyadan keyin bir necha oy davomida dializ muolajasiga muhtoj bo‘lmagani qayd etilgan. Bu esa yangi texnologiyaning istiqbolli ekanini ko‘rsatuvchi muhim natijalardan biri sifatida baholanmoqda.
Yaponiyada ayni paytda 300 mingdan ortiq inson buyrak yetishmovchiligi sababli muntazam dializ muolajasini olmoqda. Shu bilan birga, qariyb 15 ming nafar bemor buyrak transplantatsiyasini navbat bilan kutmoqda. Shu bois olimlar mazkur texnologiya kelajakda donor organlar yetishmovchiligi muammosini qisman bartaraf etishiga umid bildirmoqda.
PorMedTec rahbari va Meydzi universiteti professori Xiroshi Nag‘ashimaning ta’kidlashicha, turlararo transplantatsiyani amaliyotga joriy etish bo‘yicha ilmiy izlanishlar izchil davom ettiriladi. Uning fikricha, ushbu yo‘nalish kelajakda zamonaviy tibbiyotning eng samarali va muhim texnologiyalaridan biriga aylanishi mumkin.






























Izohlar 0
…