Go‘sht uchun o‘g‘irlangan 400 dan ortiq mushuklar qutqarib qolindi

Vetnamda huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida yuzlab uy hayvonlari halokatdan saqlab qolindi. Politsiya mushuklarni o‘g‘irlash va ularni noqonuniy savdoga chiqarish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, amalga oshirilgan reydlar chog‘ida 400 dan ortiq tirik mushuk hamda muzlatilgan holatda saqlanayotgan o‘nlab hayvonlar aniqlangan. Shuningdek, boshqa manzildan ham bir necha o‘nta mushuk topilib, xavfsiz joyga olib chiqilgan.
Tergov davomida ushbu jinoiy tarmoq a’zolari oxirgi bir necha yil mobaynida mamlakat janubiy hududlarida mushuklarni yig‘ish va sotish bilan shug‘ullanganini tan olgan. Ular hayvonlarni maxsus joylarda saqlab, keyinchalik savdogarlarga yetkazib berib kelgan.
Hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari ma’lum qilishicha, qutqarilgan mushuklarning bir qismi o‘z egalariga qaytarilgan. Biroq og‘ir sharoitda saqlangani sababli ayrim hayvonlarni saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Vetnamda har yili millionlab it va mushuklar noqonuniy ravishda ushlanib, savdo zanjiriga jalb etiladi. Biroq so‘nggi yillarda jamoatchilikning bu masalaga munosabati o‘zgarib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar va uy hayvonlari boquvchilari bunday amaliyotlarga qarshi qat’iy pozitsiya bildirmoqda.
Ayni paytda politsiya mazkur ish yuzasidan surishtiruvlarni davom ettirmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yo‘qolgan uy hayvonlarining egalarini murojaat qilishga chaqirgan.





























Izohlar 0
…