Tug‘ruq yo‘ldoshini qarishga qarshi ukollar uchun sotishgan jinoiy tarmoq fosh etildi

Tug‘ruq yo‘ldoshini qarishga qarshi ukollar uchun sotishgan jinoiy tarmoq fosh etildi

Pokistonda inson tug‘ruq yo‘ldoshini noqonuniy ravishda yig‘ib, qayta ishlab xorijga jo‘natish bilan shug‘ullangan xalqaro jinoiy tarmoq fosh etildi. Mamlakatning Federal tergov agentligi (FIA) mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar turli shifoxonalardan har oy taxminan 200 kilogramm tug‘ruq yo‘ldoshini sotib olib, uni quritgan va qayta ishlab xorijga eksport qilgan. Islomobodda o‘tkazilgan reyd davomida noqonuniy sexdan 500 kilogrammga yaqin inson tug‘ruq yo‘ldoshi topilgan, besh nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.

Shuningdek, Islomobod xalqaro aeroportida Vetnamga yuborilishi rejalashtirilgan 100 kilogrammlik shubhali yuk ham to‘xtatilgan. Tergovchilarning ta’kidlashicha, u ham inson tug‘ruq yo‘ldoshidan iborat bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilar har bir tug‘ruq yo‘ldoshini taxminan 800 rupiydan sotib olgan. Keyin esa ulardan qarishga qarshi qimmatbaho ukollar tayyorlangan. Bitta shunday ukolning qiymati 700 ming rupiygcha yetgani aytilmoqda.

Tergovchilar jinoiy tarmoq faqat poytaxt bilan cheklanmagani, balki boshqa yirik shaharlarda ham faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda. Shu munosabat bilan ayrim shifoxonalar, chiqindini qayta ishlash kompaniyalari va boshqa mas’ullarning ehtimoliy aloqadorligi ham tekshirilmoqda.

Pokiston qonunchiligiga ko‘ra, inson a’zolari yoki to‘qimalarini tijorat maqsadida noqonuniy sotish va qayta ishlashda aybdor deb topilganlar 10 yilgacha qamalishi hamda yirik miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tug‘ruq yo‘ldoshi yuqumli tibbiy chiqindi hisoblanadi va uni yo‘q qilish qat’iy nazorat ostida amalga oshiriladi. Ayrimlar uning tarkibidagi moddalar qarishga qarshi ta’sir ko‘rsatishi mumkin deb hisoblaydi, biroq bu boradagi ilmiy dalillar hali ham bahsli hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar