Toshkentda 12 ta sun’iy ko‘l va raqamli turistik xaritalar yaratiladi

Toshkentda 12 ta sun’iy ko‘l va raqamli turistik xaritalar yaratiladi

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda Toshkentning shahar muhitini yaxshilash va turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar taqdim etildi. Yil boshidan buyon poytaxtga 3 million nafar sayyoh kelgani hisobga olinib, aholi va mehmonlar uchun qulay sharoit yaratish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Shahar ekologiyasi va mikroiqlimini yaxshilash maqsadida Toshkentda 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish rejalashtirilgan. Sergeli tumanidagi «Qushqo‘rg‘on», «Sultonobod» va «Farog‘atli» mahallalari hududida suv havzalari uchun 22 gektar yer ajratilgan.

Shuningdek, «Jo‘n» kanali bo‘ylab 5 kilometrlik salomatlik yo‘lagi tashkil etiladi. Bu hududda piyoda sayr qilish, dam olish va jismoniy faollik uchun sharoit yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Sayyohlar uchun raqamli yo‘nalishlar ham ishga tushiriladi. Temir yo‘l vokzallari, aeroport va metro bekatlarida smartfonga yuklab olish mumkin bo‘lgan bepul raqamli xaritalar hamda turistik marshrutlar joylashtiriladi.

Shahar xizmatlarini yaxshilash doirasida Toshkentning har bir tumanida 15–20 tadan zamonaviy jamoat hojatxonasi qurish uchun yer maydonlari auksionga chiqariladi. Ko‘chalar va jamoat joylarida chiqindi qutilari soni ham ko‘paytiriladi.

Jamoat xavfsizligi bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan. Kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalar soni 60 tadan 23 taga kamaygan. Shu bilan birga, 230 ta mahallada yarim yil davomida birorta ham jinoyat sodir etilmagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar