Polshaning Plotsk shahrida kamayib borayotgan tapir bolasi birinchi marta ommaga ko‘rsatildi

Polshadagi Plotsk hayvonot bog‘ida noyob cheprak tapir bolasi tug‘ildi. Bu mamlakat hayvonot bog‘lari uchun birinchi shunday holat sifatida qayd etilmoqda.
Tapir bolasi 17 iyun kuni dunyoga kelgan. Biroq ma’muriyat xabarni e’lon qilishga shoshilmagan, chunki xodimlar uning dastlabki og‘ir davrdan sog‘-salomat o‘tib olishini kutgan. Oradan bir necha hafta o‘tib, bolacha onasi Krissa bilan ochiq qafasga chiqarildi.
Cheprak tapir tabiatda kamayib borayotgan jonivorlardan. Janubi-Sharqiy Osiyoda yovvoyi holda yashaydigan voyaga yetgan tapirlar soni 2,5 mingtadan kam ekani aytilmoqda.
So‘nggi bir yilda dunyo hayvonot bog‘larida bor-yo‘g‘i 7 ta shunday tapir bolasi tug‘ilgan. Ulardan 3 tasi Yevropa hayvonot bog‘larida dunyoga kelgan. Shu bois Plotskdagi tug‘ilish xalqaro seleksiya dasturi uchun muhim natija sanaladi.
Bolaning ota-onasi Niderlandiyadagi ikki turli hayvonot bog‘idan Plotskka olib kelingan. Onasi 5 yoshda, otasi 3 yoshda. Homiladorlik 13 oy 10 kun davom etgan.
Yangi tug‘ilgan tapir 10,5 kilogramm vaznda bo‘lgan. Hozir uning vazni deyarli 30 kilogrammga yetgan.































Izohlar 0
…