AQSH maktabida darslarda ilk bor odamsimon robot ish boshlaydi

AQSH maktabida darslarda ilk bor odamsimon robot ish boshlaydi

AQSHning Nyu-York shtatida joylashgan Salamanka shahri markaziy maktab okrugi mamlakatdagi ilk ta’lim muassasalaridan biri sifatida odamsimon robotni dars jarayoniga jalb etadi. Maktab ma’muriyati ma’lum qilishicha, sun’iy intellekt bilan jihozlangan «Salli» nomli robot 2026 yil sentyabr oyidan boshlab yuqori sinf o‘quvchilari uchun o‘qituvchi yordamchisi sifatida faoliyat yuritadi.

Ma’lum qilinishicha, qiymati 57 ming dollar bo‘lgan mazkur robot Las-Vegasda joylashgan Realbotix Corporation kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tajriba loyihasi doirasida maktabga olib kelinmoqda.

«Salli» qo‘ng‘ir sochli, lateks terili insonsimon ko‘rinishga ega bo‘ladi. U qo‘llari va barmoqlarini harakatlantira oladi, biroq oyoqlari harakatlanmagani uchun sinf bo‘ylab mustaqil yura olmaydi.

Maktab okrugi rahbari doktor Mark Bilerning ta’kidlashicha, loyiha hayajonli bo‘lishi bilan birga muayyan mas’uliyat ham yuklaydi.

Uning aytishicha, ta’lim sohasidagi har qanday yangilik dastlab turli bahslarga sabab bo‘ladi. Ilgari ham elektron pochta yoki internetni maktablarda joriy etishga qarshi chiqqanlar bo‘lgan. Endi esa sun’iy intellekt ta’lim tizimining navbatdagi bosqichiga aylanmoqda va bu texnologiya allaqachon ko‘plab maktablarda qo‘llanilmoqda.

Dastlabki bosqichda «Salli» faqat Salamanka o‘rta maktabining 11–12-sinf o‘quvchilari bilan ishlaydi. Robot dasturlash, robototexnika hamda sun’iy intellekt bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etib, o‘qituvchilarga yordam beradi.

Maktab ma’muriyati robotni o‘quvchilarga yanada yaqinlashtirish maqsadida unga G‘arbiy Nyu-Yorkka xos talaffuz berilishini ham ma’lum qildi. Rahbariyatning hazil tariqasida ta’kidlashicha, ular bu ovozni mutlaqo tabiiy va neytral deb hisoblaydi.

«Salli» Apple kompaniyasi hammuassisi Stiv Voznyak ishtirokida ishlab chiqilgan Woz Ed ta’lim dasturi doirasidagi fanlarda foydalaniladi. Ayni paytda u faqat kodlash, robototexnika va sun’iy intellekt darslarida xizmat qiladi.

Maktab rahbariyati robot hech qachon o‘qituvchilar o‘rnini bosmasligini alohida ta’kidladi.

«Realbotix ta’lim roboti hech qachon o‘qituvchilar, xodimlar yoki insonlar o‘rtasidagi jonli muloqot o‘rnini egallamaydi. U faqat pedagoglar uchun qo‘shimcha o‘quv vositasi bo‘lib xizmat qiladi, o‘quvchilarning qiziqishini oshirish va dars materialini yaxshiroq o‘zlashtirishiga ko‘maklashadi», deyiladi rasmiy bayonotda.

Shuningdek, robot yopiq va oflayn sun’iy intellekt tizimida ishlaydi. U o‘quvchilarga tayyor javoblarni bermaydi, aksincha, turli savol va yo‘naltiruvchi takliflar orqali mustaqil fikrlashga undaydi hamda mavzuni tushunganini namoyon etishiga yordam beradi.

Maktab rahbariyatining qayd etishicha, «Salli» hech qanday shaxsiy ma’lumotlarni yig‘maydi, video yoki audio yozib olmaydi hamda hech qanday axborotni Realbotix kompaniyasiga uzatmaydi.

Ma’lumot uchun, kompaniyaning yanada takomillashgan F-Series modeli 125 ming dollar turadi. U ikki oyoqda mustaqil tura oladi, ammo harakatlanishi uchun baribir g‘ildirakli platformaga muhtoj hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar