Koreyalik olimlar 10 soniyada o‘zi kiyiladigan kiyim yaratdi

Janubiy Koreya fan va texnologiyalar instituti (KAIST) hamda Stenford universiteti olimlari insonning qo‘llaridan foydalanmasdan kiyinishiga yordam beradigan innovatsion texnologiyani ishlab chiqdi. Mualliflar ta’kidlashicha, yangi tizim odamni to‘liq kiyintirish uchun taxminan 10 soniya vaqt sarflaydi.
Texnologiyaning asosiy siri mato ichiga joylashtirilgan, chirmashuvchi o‘simlik novdalariga o‘xshash maxsus yumshoq naychalardadir. Havo bosimi ta’sirida bu naychalar to‘g‘rilanib, tana bo‘ylab sirg‘ala boshlaydi va xuddi pechak daraxt yoki ustunga chirmashgani kabi kiyimni asta-sekin inson tanasiga tortib kiygizadi.
Loyiha muallifi Kim Nam Gyunning aytishicha, bu g‘oya unda yomg‘irli kunlarning birida paydo bo‘lgan. Olim velosipedda ketayotganida yomg‘irpo‘sh o‘z-o‘zidan kiyilsa, naqadar qulay bo‘lishi haqida o‘ylab qolgan. Oradan bir necha yil o‘tib, ushbu g‘oya amaliy prototipga aylandi va tadqiqot natijalari IEEE Robotics and Automation Letters ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Yangi konstruksiya odatiy ekzoskeletlar yoki robotlashtirilgan manipulyatorlardan harakatlanish usuli bilan farq qiladi. Naychalar mato bilan birga butunlay sirg‘almaydi, balki o‘simlik novdalari kabi faqat uchidan «o‘sib» boradi. Bu esa tizimga murakkab boshqaruv algoritmlari yoki tana holatini kuzatuvchi datchiklarsiz ham yelka, tirsak va tizza kabi bukiluvchi joylardan oson o‘tish imkonini beradi.
Shuningdek, inson bir joyda qotib turishi shart emas. U yurishi, o‘tirishi yoki egilishi mumkin — tizim uning harakatlariga avtomatik ravishda moslashadi.

Ishlab chiquvchilar texnologiyani sirpanchiq, yopishqoq va notekis yuzalarda ham sinab ko‘rgan. Sinovlar davomida quvurchalar tana a’zolarining tor va murakkab qismlaridan ham ishonchli tarzda o‘ta olgani qayd etilgan.
Mutaxassislar fikricha, ushbu ishlanma bir qator sohalarda katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Xususan, u keksalar va jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga boshqalar yordamisiz mustaqil kiyinish imkonini yaratadi.
Bundan tashqari, mikrochiplar ishlab chiqariladigan steril laboratoriyalarda xodimlar himoya kiyimini juda tez kiyib olishiga yordam beradi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari va qutqaruvchilar uchun ham bu texnologiya vaqtni tejashda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Chunki bunday vaziyatlarda har bir soniya hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Hozircha mazkur texnologiya laboratoriya prototipi bosqichida bo‘lsa-da, mualliflar uni tibbiyot xodimlari, qutqaruvchilar va boshqa kasb egalari ehtiyojlariga moslashtirish ustida ish olib bormoqda. Agar loyiha ommaviy ishlab chiqarish bosqichiga yetkazilsa, bu innovatsion kiyim kelajakda oddiy «zamok» yoki yopishqoq lenta kabi ish kiyimlarining ajralmas qismiga aylanishi mumkin.






























Izohlar 0
…