Hindistonda qoplon do‘konga bostirib kirib odamlarga hujum qildi (video)

Hindistonning Rajastan shtatida sodir bo‘lgan kutilmagan hodisa mahalliy aholi orasida sarosimaga sabab bo‘ldi. Yovvoyi qoplon shaharga kirib kelib, vino do‘koniga bostirib kirdi va oqibatda uch nafar inson jarohat oldi. Bu haqda NDTV telekanali xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, dastlab yirtqich shahar chetidagi butalar orasida payqalgan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘rmon xo‘jaligi xodimi hayvonni nazoratga olishga uringan vaqtda qoplon unga tashlanib, oyoqlaridan jarohatlagan.
Shundan so‘ng yirtqich gavjum ko‘chalar va bozor hududi orqali yugurib, vino do‘koniga kirib borgan. U yerda qoplon 40 yoshli xaridor hamda 25 yoshli sotuvchiga hujum qilgan.
Hodisa oqibatida jabrlanganlardan biriga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Qolgan ikki nafar fuqaro esa og‘irroq jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilgan.
Mahalliy aholi tezkorlik bilan harakat qilib, qoplon do‘kon ichida ekanidan foydalanib, tashqaridan temir to‘siqni tushirgan va hayvonni ichkariga qamab qo‘ygan. Bu qaror uning yana boshqa odamlarga hujum qilishining oldini olgan.
Shundan keyin politsiya hududni to‘liq qurshovga oldi. O‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari va Jaypur hayvonot bog‘i xodimlari ishtirokida qariyb besh soatlik maxsus operatsiya o‘tkazildi.
Yakunda veterinarlar qoplonni tinchlantiruvchi vosita yordamida uxlatib, tibbiy ko‘rik uchun o‘rmon xo‘jaligiga olib ketdi. Mutaxassislar operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganini va hayvon shahar aholisi uchun xavfsiz tarzda ushlanganini ma’lum qildi.






























Izohlar 0
…