Isroildagi o‘zbekistonliklarga muhim ogohlantirish berildi

Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashayotgani munosabati bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha murojaat qildi.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, mintaqadagi vaziyat yanada murakkablashishi ehtimoli saqlanib turibdi. Shu munosabat bilan fuqarolarga Isroil davlat idoralari, xususan, Fuqaro fronti orti qo‘mondonligi (Home Front Command) tomonidan e’lon qilinayotgan rasmiy xabar va ko‘rsatmalarni muntazam kuzatib borish hamda ularga qat’iy amal qilish tavsiya etildi.
Shuningdek, o‘zbekistonliklardan yashash yoki ish joyiga eng yaqin boshpanalar joylashuvini oldindan aniqlab qo‘yish, harakatlanish va safarlarni ehtiyotkorlik bilan rejalashtirish, amaldagi xavfsizlik cheklovlarini inobatga olish so‘raldi. Bundan tashqari, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo o‘zlari bilan olib yurish va yaqinlari bilan uzluksiz aloqada bo‘lish muhimligi ta’kidlandi.
Shoshilinch holatlarda Isroilda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari quyidagi telefon raqamlari orqali elchixona bilan bog‘lanishlari mumkin:
03-672-2466
03-672-2371
03-758-5075
03-758-5076
Diplomatik vakolatxona fuqarolarni xotirjamlikni saqlashga, ijtimoiy tarmoqlardagi tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikka va faqat rasmiy manbalar tarqatayotgan axborotga tayanishga chaqirdi.
Favqulodda holatlar uchun:
+972 54 485 1397
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi vaziyatni doimiy nazorat qilib bormoqda va zarurat tug‘ilgan taqdirda qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilinadi.






























Izohlar 0
…