Germaniyada tarixiy zavod atigi 1 yevroga sotuvga chiqarildi

Germaniyaning Saksoniya-Anxalt yerida joylashgan Tangerhyutte shahri hokimiyati XIX asrga oid yirik sanoat majmuasini auksionga qo‘ydi. Magdeburg shahridan shimolda joylashgan tarixiy obyektning boshlang‘ich narxi atigi 1 yevro etib belgilangani ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur korxonaga 1842 yilda ushbu hududda temir rudasi konlari aniqlangach asos solingan. Qisqa vaqt ichida zavod Tangerhyutteni oddiy shaharchadan yirik sanoat markazlaridan biriga aylantirgan. O‘sha davrda shaharning 1500 nafardan ortiq aholisi aynan shu korxonada mehnat qilgan.
XIX asr oxiridagi iqtisodiy yuksalish davrida zavodda ko‘cha chiroqlari, burama zinalar, vannalar va hatto butun choy pavilonlari ishlab chiqarilgan. Mahsulotlarga talab juda yuqori bo‘lib, ular nafaqat Germaniyada, balki Yaponiya, Misr va Argentina kabi davlatlarga ham eksport qilingan. Bu esa zavodning xalqaro miqyosda tanilishiga xizmat qilgan.
Biroq Germaniya Demokratik Respublikasi (GDR) tugatilganidan keyin afsonaviy sanoat majmuasi asta-sekin faoliyatini to‘xtatib, qarovsiz holga kelib qoldi.
Endilikda shahar hokimiyati obyektga yangi hayot bag‘ishlay oladigan investor topishni maqsad qilgan. Shu bois zavodning boshlang‘ich narxi ramziy tarzda 1 yevro qilib belgilandi. Auksionda ishtirok etish istagidagi nomzodlar arizalarini 30 sentyabrga qadar topshirishi lozim.
Biroq yangi egasini katta mas’uliyat ham kutadi. Auksion shartlariga ko‘ra, xaridor me’moriy yodgorlik sifatida muhofaza qilinadigan tarixiy fasadlarni zudlik bilan mustahkamlashi va ularning uzoq muddat saqlanishini ta’minlashi shart bo‘ladi.






























Izohlar 0
…