Abituriyentlar uchun muhim jarayon boshlandi: OTM tanlovi start oldi

Abituriyentlar uchun muhim jarayon boshlandi: OTM tanlovi start oldi

Bugun, 25 iyuldan boshlab oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar uchun oliy ta’lim tashkiloti va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlash jarayoni rasman boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, tanlov jarayoni 8 avgustga qadar davom etadi hamda joriy yilda ham «avval test – so‘ng tanlov» tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Abituriyentlar test sinovida topshirgan fanlar majmuasi va tanlagan ta’lim tiliga mos ravishda 5 tagacha oliy ta’lim tashkiloti hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin. Shuningdek, har bir yo‘nalish bo‘yicha kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklini belgilash imkoniyati ham mavjud. Tanlovni bitta OTM doirasida ham, turli oliy ta’lim muassasalari kesimida ham amalga oshirish mumkin.

OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlash uchun abituriyentlar my.uzbmb.uz platformasiga kirib, «Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul» bo‘limi orqali «Xizmatdan foydalanish» va «OTT tanlash» tugmalarini bosishi lozim.

Shundan so‘ng tanlov ustuvorligi belgilanadi. Agar abituriyent uchun imkoniyat mavjud bo‘lsa, maqsadli qabul bo‘yicha ham tanlov amalga oshiriladi. Keyingi bosqichda esa fanlar majmuasiga mos ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllari tanlanib, kiritilgan ma’lumotlar saqlanadi.

Yakuniy bosqichda telefon raqamiga yuborilgan SMS-kod kiritilib, tanlov rasman tasdiqlanadi. Shundan keyin «Abituriyent qayd varaqasi» avtomatik shakllanadi. Bilim va malakalarni baholash agentligi ushbu hujjatni yuklab olish va saqlab qo‘yishni tavsiya etmoqda.

Shuningdek, agentlikning ta’kidlashicha, abituriyentlar 8 avgustga qadar tanlovga oid ma’lumotlarini istalgan vaqtda tahrir qilishi yoki o‘zgartirishi mumkin. Belgilangan muddat tugagach esa kiritilgan ma’lumotlarga o‘zgartish kiritish imkoniyati bo‘lmaydi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar