Dunyoda birinchi marta caratonga chalingan ilon davolandi

Dunyoda birinchi marta caratonga chalingan ilon davolandi

Buyuk Britaniyadagi Chester hayvonot bog‘ida 23 yoshli yirik piton dunyoda ilk bor ilonlarda qo‘llanilgan noodatiy saraton davolash usuli — elektrokimyoterapiyadan o‘tkazildi.

Jodey Foster deb nomlangan 4,5 metrlik, 50 kilogramm og‘irlikdagi to‘rsimon pitonning ishtahasi pasayib, harakatchanligi sezilarli darajada kamayganidan so‘ng veterinarlar uni tekshirdi. Natijada uning jag‘ida xavfli o‘sma — fibrosarkoma aniqlandi.

Dastlab o‘sma jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan bo‘lsa-da, keyinchalik yana paydo bo‘lib, jag‘ suyagini zararlay boshlagan. Bu esa ilonning hayotiga jiddiy xavf tug‘dirgan. Shu sababli veterinarlar saraton mutaxassislari bilan hamkorlikda insonlarda ham qo‘llanadigan elektrokimyoterapiya usulini Jodey uchun moslashtirishga qaror qildi.

Ilonning katta hajmi sababli operatsiya uchun ikkita stol birlashtirilib, taxminan ikki kishilik karavotdek maydon tayyorlangan. Jodey avval o‘z volerida uxlatilgan, so‘ng veterinariya markaziga olib borilgan. Qariyb 90 daqiqa davom etgan muolaja jarayonida o‘sma va zararlangan jag‘ suyagining bir qismi olib tashlangan.

Shundan keyin saraton hujayralarining qolgan qismini yo‘q qilish maqsadida elektrokimyoterapiya o‘tkazilgan. Ushbu usulda bleomitsin dorisi va maxsus elektr impulslari birgalikda qo‘llanadi. Elektr ta’siri saraton hujayralarining o‘tkazuvchanligini vaqtincha oshirib, dori vositasining ularga samaraliroq kirishiga yordam beradi.

Muolajadan bir necha oy o‘tgach, Jodey Foster yana odatdagidek ovqatlana boshlagan va faolligi tiklangan. Veterinarlar uning zarba berish, o‘ljaga mahkam yopishish va ovqatni yutish qobiliyati ham saqlanib qolganini qayd etdi.

Joriy haftada o‘tkazilgan yakuniy tekshiruvda esa saraton qayta paydo bo‘lganiga hech qanday belgi aniqlanmadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ilonlarda elektrokimyoterapiyadan foydalanish bo‘yicha ma’lum bo‘lgan birinchi holatdir. Tadqiqotchilar ushbu tajriba haqidagi ma’lumotlarni rasmiy e’lon qilib, kelajakda boshqa hayvonlarni davolashda ham mazkur usuldan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganmoqchi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar