Bir tom ostida 83 kishi: Hindistondagi noodatiy oila barchani hayratga solmoqda

Bir tom ostida 83 kishi: Hindistondagi noodatiy oila barchani hayratga solmoqda

Hindistonning Kurlapalli qishlog‘ida 83 kishidan iborat ulkan oila bir tom ostida ahil yashab kelmoqda. Olti avlodni birlashtirgan Nagappa oilasida 6 nafar qaynona, 14 nafar kelin va 20 ga yaqin bola hamda boshqa qarindoshlar istiqomat qiladi.

Oilaga ikki nafar keksa kishi boshchilik qiladi. Xonadondagi kundalik yumushlar ham, qishloq xo‘jaligidagi ishlar ham oila a’zolari o‘rtasida taqsimlangan. Har kuni ertalab ular yig‘ilib, kim uy ishlariga mas’ul bo‘lishi, kim esa dalaga chiqishini belgilab olishadi.

Katta oilaning eng e’tiborli jihatlaridan biri — barcha uchun bitta oshxonada ovqat tayyorlanishi. Oila daromadining asosiy qismini qariyb 50 gektar yerda olib boriladigan dehqonchilikdan oladi.

Shuncha katta xonadonni oziqlantirish ham oson emas. Ayniqsa, bayram kunlari dasturxon yanada keng yoziladi: bir mahal ovqat uchun uchta katta qo‘y va bir necha tovuq so‘yilishi mumkin. Bugungi kunda ko‘plab oilalar kichik xonadonlarda alohida yashashni afzal ko‘rayotgan bir paytda, Nagappa oilasi Hindistondagi ko‘p avlodli oila an’analarining noodatiy namunalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar