Mahbuslar tashilayotgan poyezd vagonida xodim halok bo‘ldi

Rossiyada mahbuslar olib ketilayotgan poyezd vagonida jiddiy hodisa sodir bo‘ldi. 2 oktyabr kuni “Vladikavkaz – Adler” poyezdi tarkibidagi maxsus vagonda mahbuslardan biri Jazoni ijro etish federal xizmati xodimiga hujum qilgani xabar qilindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Kabarda-Balqariya hududidagi Murtazovo stansiyasi yaqinida yuz bergan. “112” va RЕN TV manbalari vagonda mahbuslar o‘rtasida isyon ko‘tarilgani haqida xabar tarqatgan.
Aytilishicha, vagon Terek stansiyasida poyezdga ulangan. Poyezd Beslan orqali harakatlanganidan keyin vagonda stop-kran tortilib, tartibsizlik boshlangan. Ayrim xabarlarda mahbuslar qo‘riqchilarning qurollarini egallab olgani ham aytilgan.
Shundan so‘ng vagon kuch ishlatar tuzilmalari tomonidan o‘rab olingan. Voqea joyiga tezkor xizmatlar va maxsus bo‘linmalar jalb qilingan. Dastlabki ma’lumotlarda mahbuslarning hech biri qochib ketmagani aytilgan.
Biroq Rossiya JIEFXdagi TASS manbasi voqeani “isyon” deb baholashga qo‘shilmagan. Uning ma’lum qilishicha, vagondagi mahbuslardan biri konvoy xodimiga hujum qilgan va uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
Ayrim manbalar hodisa oqibatida yana bir necha xodim jarohatlangani va keyinchalik mahbuslardan biri ham halok bo‘lganini bildirgan. Hodisaning barcha tafsilotlari hozircha rasmiy ravishda to‘liq ochiqlanmagan.






























Izohlar 0
…