Daniyada kiberfalokat: 8,8 million kishining shaxsiy ma’lumotlari internetga sizib chiqdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Daniyada 8,8 million kishining shaxsiy ma’lumotlari, jumladan, ism-shariflari, manzillari va shaxsiy identifikatsiya raqamlari internetga sizib chiqdi.
- Bu ma’lumotlar Jismoniy shaxslar markaziy reyestriga (CPR) kirish imkoniga ega bo‘lgan noma’lum shaxslar tomonidan olingan.
- Daniya Oliy ta’lim, fan va raqamlashtirish vaziri Kristina Egelunn bu hodisani «favqulodda darajadagi jiddiy va xavfli insident» deb atadi va CPR tizimini to‘liq tekshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Yevropaning raqamli jihatdan eng ilg‘or mamlakatlaridan biri sanalgan Daniyada davlat xavfsizligi va fuqarolar maxfiyligiga oid misli ko‘rilmagan yirik ma’lumotlar sizib chiqishi (utechka) ro‘y berdi. Nufuzli Bloomberg axborot agentligi xabariga ko‘ra, noma’lum shaxslar mamlakat Jismoniy shaxslar markaziy reyestriga (CPR) kirish imkoniga ega bo‘lgan.
Mazkur kiberhodisa oqibatida qariyb 8,8 million kishining ism-shariflari, aniq yashash manzillari va eng muhimi — maxfiy shaxsiy identifikatsiya raqamlari ochiqqa chiqib ketgan.
Aholi soni 6 million bo‘lgan davlatda 8,8 million odamning ma’lumoti qanday chiqib ketdi?
Bu raqam ko‘plab savollarni keltirib chiqardi, chunki Daniyaning rasmiy aholisi ayni paytda taxminan 6 million kishini tashkil etadi. Vaziyatga mutasaddilar quyidagicha izoh berdi:
Reyestrning umumiy qamrovi: Mamlakatning yagona reyestrida (CPR) jami 11 millionga yaqin inson qayd etilgan bo‘lib, bu ro‘yxatdan nafaqat hozir yashayotganlar, balki marhumlar va xorijga ko‘chib ketgan sobiq fuqarolar ham o‘rin olgan;
Oshkor bo‘lgan ma’lumotlar ko‘lami: Xavfsizlik tizimining buzilishi natijasida mana shu umumiy bazaning katta qismi — naq 8,8 million kishilik ma’lumotlar to‘plami uchinchi shaxslar nazoratiga tushib qolgan;
Identifikatsiya raqamining xavfi: Daniyada shaxsiy CPR raqami bank hisoblarini ochish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va barcha davlat portallariga kirish uchun asosiy «raqamli kalit» hisoblanadi. Uning begonalarga o‘tishi firibgarlik xavfini keskin oshiradi.
«Bu nihoyatda xavfli hodisa»: Hukumat favqulodda tekshiruv boshladi
Mazkur shov-shuvli holatga Daniya Oliy ta’lim, fan va raqamlashtirish vaziri Kristina Egelunn rasmiy munosabat bildirdi:
«Bu favqulodda darajadagi jiddiy va xavfli insident. Biz davlat tizimi xavfsizligiga bunday putur yetishiga aslo yo‘l qo‘ya olmaymiz».
Vazir CPR markaziy tizimining barcha himoya qatlamlarini zudlik bilan to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shu bilan birga, u barcha fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirib, shubhali qo‘ng‘iroqlar, fishing xabarlar va elektron pochta firibgarliklariga aldanib qolmaslik haqida jiddiy ogohlantirdi.
Dunyo uchun raqamli saboq
Mutaxassislarning fikricha, davlat xizmatlarini 100 foiz raqamlashtirgan va qog‘ozbozlikdan to‘liq voz kechgan G‘arb davlatida bunday ko‘lamdagi ma’lumotlar o‘g‘irlanishi — butun dunyo uchun katta ogohlantirishdir.
Hodisa shuni ko‘rsatmoqdaki, yagona baza markazlashgani sari, bitta xato yoki zaiflik butun boshli mamlakat fuqarolarining xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Hozirda xakerlik hujumi yoki tizimdagi texnik nosozlikning kelib chiqish sabablari bo‘yicha xalqaro darajadagi kibertergov davom etmoqda.































Izohlar 0
…