AQSHda derazasiz yo‘lovchi samolyoti yaratish rejalashtirilmoqda

AQSHning JetZero startapi odatiy samolyotlardan tashqi ko‘rinishi va aerodinamik tuzilishi bilan farq qiladigan Z4 yo‘lovchi samolyotini ishlab chiqmoqda. Qanotlari va fyuzelyaji yaxlit shaklda loyihalashtirilgan ushbu samolyot skat balig‘ini eslatuvchi ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Z4 taxminan 250 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Uning asosiy afzalligi — odatiy samolyotlarga qaraganda 50 foizgacha kam yoqilg‘i sarflashi va havoga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini kamaytirishidir. Bunga samolyotning o‘ziga xos aerodinamik shakli orqali erishish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning e’tiborli jihatlaridan biri — yo‘lovchilar saloni dizayni. Ayrim taqdimotlarda odatiy illyuminatorlar o‘rniga tashqi manzarani namoyish etuvchi raqamli ekranlardan foydalanish g‘oyasi ilgari surilgan. Biroq bu yechimning yakuniy ko‘rinishi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.
JetZero to‘liq o‘lchamli namoyish samolyotining ilk sinov parvozini 2027 yilda amalga oshirishni rejalashtirgan. Z4 samolyotini tijoriy foydalanishga topshirish esa 2030 yillarning boshlariga mo‘ljallangan.
Hozircha Z4 ishlab chiqish bosqichida. Shu sababli yoqilg‘i tejamkorligi va yo‘lovchilar uchun taklif etilayotgan yangi imkoniyatlar amaliy sinovlar davomida tasdiqlanishi kerak.






























Izohlar 0
…