Fransiyada yuzlab supermarketlar xakerlar hujumiga uchradi

Fransiyada 11 oktyabrdan 12 oktyabrga o‘tar kechasi yuzlab supermarketlarning sovutish tizimlariga kiberhujum uyushtirildi. Hujum oqibatida muzlatkichlar harorati ko‘tarilib, tonnalab oziq-ovqat mahsulotlari yaroqsiz holga kelgan.
AFP axborot agentligining 2026 yil 12 oktyabrdagi xabariga ko‘ra, xakerlar Daniyaning Danfoss kompaniyasi ishlab chiqargan sovutish tizimlarini masofadan boshqarish imkoniyatidan foydalangan. Ular uskunalarni majburiy muzdan tushirish rejimiga o‘tkazgan, ayrim qurilmalarda harorat hatto 50 darajagacha ko‘tarilgan.
Hujumdan Intermarché va Super U tarmoqlarining yuzlab do‘konlari zarar ko‘rgan. E.Leclerc va Carrefour kabi boshqa tarmoqlarda ham muammolar kuzatilgani xabar qilingan. Fransiya prokuraturasi hodisa yuzasidan tergov boshlanganini bildirgan.

Les Numériques nashrining yozishicha, Xagenau shahridagi ikki savdo nuqtasida yetkazilgan zarar 270 ming yevroga baholangan. Mamlakat bo‘yicha umumiy zarar esa bir necha million yevroga yetishi mumkin.
Hozircha hujum ortida kim turgani aniqlanmagan. Danfoss kompaniyasi esa zarar ko‘rgan mijozlarga yordam berayotganini bildirgan.






























Izohlar 0
…