Hindistonda erkaklar ayollar tungi ko‘ylagida bankomatdagi pullarni o‘g‘irladi (video)

Hindistonning Telangana shtatida noodatiy bankomat o‘g‘irligi sodir bo‘ldi. Noma’lum shaxslar jinoyat joyiga tez yordam mashinasida kelib, ayollar tungi ko‘ylaklari va niqoblarda bankomatni buzib, ichidagi pullarni olib ketgan. Bu haqda Zakon.kz xabar berdi.
Hodisa Kamareddi tumanida yuz bergan. Kuzatuv kameralari yozuvlarida tungi soat birlar atrofida bank binosi oldiga tez yordam mashinasiga o‘xshash transport vositasi kelib to‘xtagani aks etgan. Undan ayollar tungi ko‘ylaklarini kiygan va yuzlariga niqob taqqan erkaklar tushgan.
Bosqinchilar maxsus kesuvchi asboblar yordamida bankomatni buzib, ichidagi barcha naqd pulni olib, voqea joyidan qochib ketgan.
Ertalab mahalliy aholi bankomatning buzilganini payqab, politsiyaga xabar bergan. Hozirda huquq-tartibot idoralari kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni o‘rganib, gumonlanuvchilarning shaxsini aniqlash va ularning harakat yo‘nalishini kuzatishga harakat qilmoqda.
Shuningdek, tergovchilar jinoyatchilar foydalangan transport vositasi haqiqiy tez yordam mashinasi bo‘lganmi yoki ular boshqa avtomobilni tez yordam mashinasiga o‘xshatib bezatganmi, degan savolga ham aniqlik kiritmoqda.
Bankomatdan qancha pul o‘g‘irlangani hozircha ma’lum emas. Aniq miqdor bank xodimlari tomonidan hisoblanmoqda.






























Izohlar 0
…