Gucci savdosi pasayishda davom etmoqda: Kering 125 ta do‘konini yopmoqchi

Gucci savdosi pasayishda davom etmoqda: Kering 125 ta do‘konini yopmoqchi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Gucci brendining savdosi uch yildan ortiq vaqt davomida pasayib borayotgani sababli, Kering guruhi 2026 yil oxirigacha o‘z do‘konlari sonini kamida 125 taga qisqartirishni rejalashtirmoqda.
  • 2026 yilning uchinchi choragida Gucci daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 foizga kamayib, 1,291 milliard yevroni tashkil etdi.

Italiyaning mashhur Gucci moda brendi savdosi uch yildan ortiq vaqtdan beri pasayishda davom etmoqda. Uning egasi — Fransiyaning Kering guruhi 2026 yil oxirigacha savdo tarmog‘idagi do‘konlar sonini sof hisobda kamida 125 taga qisqartirishni rejalashtirgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Kering ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning uchinchi choragida Gucci daromadi 1,291 milliard yevroni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan taqqoslanadigan ko‘rsatkichlarda 6 foizga kam. Valyuta kurslari ta’siri hisobga olinganda esa pasayish 4 foizni tashkil qilgan.

Brend savdosiga, ayniqsa, Xitoydagi do‘konlarga tashrif buyuruvchilar sonining kamayishi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Gucci'ning o‘z savdo tarmog‘idagi tushum 9 foizga qisqargan. Shimoliy Amerikada esa vaziyat nisbatan barqaror bo‘lgan.

Kering guruhining umumiy daromadi uchinchi chorakda 3,345 milliard yevroni tashkil etdi. Bu hisobotdagi ko‘rsatkich bo‘yicha o‘tgan yilga deyarli teng, taqqoslanadigan shartlarda esa 1 foizga kam.

Kompaniya dastlabki to‘qqiz oy davomida 105 ta do‘konni sof hisobda yopgan. Yil yakunigacha kamida 125 ta do‘konni qisqartirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Gucci'ga bo‘lgan qiziqishni tiklash uchun marketing, mahsulot sifati va mijozlarga xizmat ko‘rsatishga e’tibor kuchaytirilmoqda.

Kering bosh direktori Luka de Meo kompaniyaning foyda marjasini 2025 yildagi 11,1 foizdan o‘n yillik oxirigacha ikki baravar oshirishni maqsad qilgan. Buning uchun xarajatlarni nazorat qilish, savdo tarmog‘ini optimallashtirish va ta’minot zanjirlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Biroq tahlilchilar xarajatlarni qisqartirishning o‘zi brendga bo‘lgan talabni tiklash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkinligini ta’kidlamoqda. Gucci ijodiy direktori Demna yangi kolleksiyalar orqali brendning jozibadorligini oshirishga urinayotgan bir paytda, savdoni tiklash kompaniya oldidagi asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumot uchun, Kering guruhi Gucci'dan tashqari Saint Laurent, Balenciaga, Bottega Veneta va Alexander McQueen kabi moda brendlariga ham egalik qiladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar