Qozog‘istonda voleybol murabbiyi musobaqa vaqtida yosh sportchi qizga qo‘l ko‘tardi (video)

Qozog‘istonda voleybol murabbiyi musobaqa vaqtida yosh sportchi qizga qo‘l ko‘tardi (video)

Qozog‘istonning Pavlodar shahrida voleybol musobaqasi vaqtida murabbiy voyaga yetmagan shogirdiga nisbatan jismoniy kuch ishlatdi. Hodisa videoga tushib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 26 oktyabr kuni qizlar o‘rtasidagi voleybol musobaqasida sodir bo‘lgan. Chimkent shahridagi xususiy voleybol akademiyasi murabbiyi Hamit Mirzabekov o‘yin vaqtida o‘z jamoasidagi yosh sportchi qizga qo‘l ko‘targan. Videoda murabbiy qizga yaqinlashib, uning boshiga urgani aks etgan.

Hodisa yuzasidan Qozog‘iston milliy voleybol federatsiyasi intizomiy chora ko‘rdi. Dastlabki xabarlarda murabbiyning musobaqalarda ishtirok etishi va zaxira o‘rindig‘ida bo‘lishi taqiqlangani aytilgan. Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, federatsiya uni ikki yilga diskvalifikatsiya qilgan. Shuningdek, musobaqa tashkilotchilariga tanbeh berilgan va jarima tayinlangan.

Pavlodar viloyati politsiyasi hodisa yuzasidan voyaga yetmagan sportchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatish holati bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Hodisaga aloqador shaxslar politsiya bo‘limiga olib borilgan, murabbiyning harakatlariga qonunchilik asosida huquqiy baho berilishi aytilgan.

Qozog‘iston milliy voleybol federatsiyasi sportda, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar