15:23 / 20.08.2017
5 905

Surgutdagi kallakesar kim?...

Surgutdagi kallakesar kim?...
19 avgust kuni Rossiyaning Surgut shahri markazida noma’lum kimsa o‘tkinchilarga qo‘lida pichoq bilan tashlangan. Oqibatda sakkiz kishi og‘ir jarohat olgan. Ularning to‘rt nafari o‘ta og‘ir ahvolda deya baholangan. Kallakesar polisiyachilar tarafidan otib o‘ldirildi. Oradan to‘rt soat o‘tib esa, ushbu jinoyatni dunyoda faoliyati taqiqlangan «IShID» jangari kallakesarlar guruhi o‘z zimmasiga oldi. Shunda bir savol tug‘iladi. Kim edi qotil? Jangarimi? Sheriklari bormidi-yo‘qmidi?

Guvohlardan birining aytishicha, 19 avgust kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 11 larda u kafeda o‘tirgandi. Sal narida gavdali, elkasiga ryukzak osgan yigit ham o‘tirardi. Ammo u juda bezovta edi. Nimadandir asabiylashar, tez-tez ko‘chaga qarab olishni kanda qilmasdi. Bir mahal u dast o‘rnidan turgan-u, tashqariga otilib chiqqan va «Severnыy» telemarkazi tarafga chopa ketgan. Qolgan voqealarni xuddi shu telekanal orqali ko‘rsatishdi. O‘sha elkasiga ryukzak osgan yigit telemarkaz binosi ichkarisiga kirib, yo‘lakning o‘zida kiyimlarini almashtirgan.

Yuzlariga niqob tortgan. Keyin esa yo‘lakka qandaydir suyuqlik sepgan-da, gugurt chaqib polga tashlagan. Bir zumda olov alanga olgan. Yigit esa yugurgancha chiqib ketgan. Telekanaldagilarning aytishicha, o‘sha paytning o‘zida uning qo‘lida pichoq bo‘lgan. Chiqib ketayotib yo‘lida bir ayol paydo bo‘lgan. U o‘sha ayolga yo‘l-yo‘lakay tig‘ zarbasini etkazgan. Ayol bankomatdan plastik kartochkasidagi pullarni naqdlashtirayotgandi. Yigit to‘xtamasdan «Avrora» kinoteatri tarafga yugurib ketgan. Sal o‘tgach, telemarkaz binosi ichkarisidan qora tutun tashqariga o‘rlay boshladi.

Qotil esa yugurishdan to‘xtamadi. Yo‘lida yana etti kishini pichoqlashga ulgurdi. Uni polisiyachilar Lenin prospektidagina «qarshi» olishdi. Ammo u to‘xtashni istamadi. Chamasi yugurish bo‘yicha chempion bo‘lsa kerak. Nima qilishsin? Huquqni muhofaza qilish tashkiloti xodimlari «chempion»ni otib o‘ldirishga majbur bo‘lishdi.

Shaharda bu voqeadan so‘ng rostakamiga vahima ko‘tarildi. Odamlar ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolishgandi. Surgut shahar meri Vadim Shuvalov imkon doirasida ijtimoiy saytlar orqali aholini tinchlantirishga urindi.

Tushdan keyin shahar ko‘chalari baribir bo‘shab qoldi. Bu erda yashovchilarning gapiga qaraganda, hech qachon kunduzi Surgut ko‘chalari bo‘shab qolmagandi. Odamlar terrorchidan qo‘rqqani uchun ham uyda o‘tirishni ma’qul ko‘rishibdi. Do‘konlar, kafelar, dorixonalar yopib qo‘yildi. Shu kuni kech soat 16: 00 da Surgutda amalga oshirilgan xunrezlikni dunyoda faoliyati taqiqlangan «IShID» terror guruhi o‘z zimmasiga olgani haqida xabar berishdi. Terrorchi kallakesarlar nazoratidagi «Amaq» agentligidagilar Surgutda terror harakati sodir etgan jangarini «IShID» askari deya atadi.

Keyinchalik masala yanada oydinlashdi. Halok bo‘lgan terrorchining shaxsi aniqlanibdi. U Surgutda yashaydigan 1994 yil tug‘ilgan yigit ekanini aytishdi. Baxtga qarshi oradan hech qancha o‘tmay, bu fikr inkor etilib, terrorchi o‘rta osiyolik 23 yoshli Bobichel Abdurahmonov ekani haqida ma’lumot tarqatildi. Yarim soatdan keyin bu fikr ham rad etildi va Surgutdagi terrorchi dog‘istonlik 19 yoshli Artur Gajiev bo‘lgani aytildi.

Umuman olganda, kallakesarning kim va qaerlik ekani hech kimga qiziq emas. Asosiysi, u yo‘q qilindi. Ishqilib, har bandani xuddi shunday ofatlardan, kallakesarlardan, jangari va xudosizlardan Yaratganning o‘zi panohida asrasin!


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Surgutdagi kallakesar kim?...