6 402
Aqto‘beda yonib ketgan avtobus haydovchisining onasi O‘zbekiston xalqidan kechirim so‘radi (Video)
Qozog‘istonning «31-kanali» muxbirlari Aqto‘bedagi avtobus yong‘inidan omon qolgan qozog‘istonlik haydovchilardan biri — Maqsat Pernebekovning oilasi bilan uchrashdi.
Qarindoshlari Maqsat Pernebekovning omon qolgani haqida televizor orqali xabar topishgan, shundan so‘ng u bilan bog‘lanishgan. Maqsat esa qo‘li va boshi kuyganini aytgan.
«Men butun O‘zbekiston xalqidan, halok bo‘lgan yigitlarning onalaridan kechirim so‘rayman», — dedi Maqsatning onasi Katira Jolboldiyeva ko‘zda yosh bilan.
Pernebekovning opasi fojia ro‘y berishidan oldin Maqsat ikkinchi haydovchi bilan rulni almashganini aytadi.
«U uxlayotgan bo‘lgan, bu vaqtda avtobusni sherigi haydagan. U voqea qanday bo‘lganini bilmayman, dedi. «Maqsat, qutqarib qolishning iloji bo‘lmadimi? Eshiklar ochilmadimi? Nega?», deb so‘radim. U bo‘lsa: «Opacha, men bilmayman, chiqdim va avtobus portladi», dedi», — deydi u.
Qarindoshlarining aytishicha, Maqsat 52 o‘zbekistonlikning umriga zomin bo‘lgan «Setra» avtobusini 4 yildan beri haydab kelardi. U bu avtobusda ko‘p marta Qozonga borgan, yo‘lni yaxshi bilgan. Seshanba kuni ular O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 55 yo‘lovchi bilan birga Rossiyaga yo‘l olgan. Yo‘lda Maqsad qayerdaligini bildirish uchun yaqinlariga videoxabar yo‘llagan. 3 soat o‘tib esa avtobus Irg‘iz tumani hududida yonib ketdi va 52 yo‘lovchi halok bo‘ldi.
«Salom, qadrdonlarim! Mana, Oroldan o‘tdik, Irg‘izgacha yana 170 kilometr. Juda sovuq, -40, balki -45 darajadir. Ikkita kurtka kiyganman. Yo‘l muzlagan. Mana, soatiga 50 km tezlikda ketyapmiz, radiatordagi harorat esa 60 daraja», — deydi Maqsat o‘z videomurojaatida.
Qarindoshlarning so‘zlariga ko‘ra, Pernebekov yollanma haydovchi edi — «Setra» avtobusi egasi unga har reys uchun 60 ming tanga pul to‘lagan.
Turmush o‘rtog‘i Maqsat ko‘p vaqtini avtobusni ta’mirlash bilan o‘tkazganini aytib berdi.
«Xo‘jayinim avtobusni tez-tez ta’mirlar edi. Avtobus egasi erimga xarajatlarni berardi. U biznikiga kelar, avtobusni ta’mirlash ishlari kuzatardi. Texnik ko‘rik, sug‘urta hujjatlarini avtobus egasi tayyorlardi», — deydi Aknur Masanova.
Muxbir fojiadan omon qolgan uchinchi qozog‘istonlik (u ham yo‘lovchi bo‘lgan), 41 yoshli Barat Tanatovning rafiqasi Oynur Tanatova bilan ham gaplashgan. Ushbu ayol turmush o‘rtog‘i avtomobil xarid qilish uchun Rossiyaga ketganini aytib berdi.
«Kechqurun erimning o‘zi menga telefon qilib, hozir gaplasha olmasligi, hammasini keyin aytib berishini aytdi. Hozir uning telefoni o‘chirilgan», — deydi u.
18 yanvar kuni Aqto‘beda ichidagi 52 o‘zbekistonlik bilan yonib ketgan «Setra» avtobusi 2,5 yildan buyon texnik ko‘rikdan o‘tmagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, uning egasi Orduxan Mextiyevda yo‘lovchi tashish uchun litsenziya bo‘lmagan.
Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Turgumbayev avtobusning yonib ketishiga kavshar lampa sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Ushbu versiya omon qolganlarning ko‘rsatmasi asosida tasdiqlangan.
«Avtobusning dvigateli o‘chib qolganligi va mashina ichi sovuq bo‘lganligi sabab ushbu kavshar lampadan isitgich sifatida foydalanilgan. U ikki soatga yaqin ishlagan va tabiiyki gaz-benzinli aralashma butun salonni egallagan. Tasodifan benzin to‘kib yuborilganida esa yong‘in yuzaga kelgan… Shu bilan birga, noxush hodisa YTH yoki qandaydir jinoiy harakatlar orqali amalga oshirilgan degan versiya to‘liq chiqarib tashlandi», — degan Turgumbayev.
Ushbu hodisa bo‘yicha ayni vaqtda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Haydovchilar hamda fojiadan omon qolganlar tergov qilinmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda