15:20 / 25.02.2018
4 061

Siyosatshunos: “Qozog‘iston migratsiya masalalarida Amerika tajribasini o‘rganishi kerak”

Siyosatshunos: “Qozog‘iston migratsiya masalalarida Amerika tajribasini o‘rganishi kerak”
Qozog‘iston Bosh prokuraturasining Huquqiy statistika va maxsus hisobga olish qo‘mitasi raisi Bagdat Musin chet elliklarning Qozog‘istonda bo‘lish tartibini tanqid qilgani uchun ijtimoiy tarmoqlar qahramoniga aylandi. Bu haqda “365info.kz” sayti xabariga ko‘ra Xabar nashri ma’lum qiladi.

Gap shundaki, Qozog‘istonda bo‘lish muddati nihoyasiga yetganidan so‘ng chet elliklar bir kunga davlat hududidan tashqariga chiqib, qaytib kirgach yana 30-60 kungacha Qozog‘iston hududida bo‘lishlari mumkin. Buning uchun ular 300-400 AQSH dollari miqdorida xarajat qilishadi. Bagdat Musin ushbu jarayonni soddalashtirishni taklif etdi.

“Davlatga rasman belgilangan summani (masalan, 100 AQSH dollari) to‘lab, yana 30-60 kun davlatimizda qolaverishsin”, — deya taklif qiladi u.

Yurist Sergey Utkin u bilan hamfikr ekanligini aytgan.

“Biz bilan vizasiz rejim amal qiladigan davlat fuqarosi yilning aksariyat qismini yurtimizda o‘tkazadigan bo‘lsa, uni har ikki oyda sarson qilishning nima keragi bor? Ahmoqona talab bu”, — deydi yurist.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat har ikki oyda chegarani kesib o‘tish “majburiyatini” butunlay bekor qilishi yoki bu rejimni o‘zgartirishi lozim. Umuman olganda, hukumat nima uchun aynan ikki oylik muddat belgilanganini asoslab berishi kerak.

“Ehtimol, bu bojxona xodimlari uchun tekin daromad manbaidir, ammo buni rasman tan olishni istamaydilar. Xo‘sh, rasmiy sabab nima? 100 dollar to‘lab mamlakatda qolish muddatini uzaytirish amaliyotiga kelsak, buning o‘rniga chet elliklar har ikki oyda bir marta migratsiya xizmatiga borib ro‘yxatdan o‘tish amaliyotini joriy qilish zarur. Nima uchun 100 dollar to‘lash kerakligini ham tushunmayman. Bu borada men Musinning fikriga qo‘shilmayman. To‘g‘ri, korrupsiyani kamaytirish kerak, ammo buning uchun rasmiy to‘lov joriy qilish shart emas”, — deydi Utkin.

Siyosatshunos Sultonbek Sultongaliyevning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy fuqarolar uchun qonunlarni o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklif Bagdat Musinning shaxsiy fikri ekanini e’tiborga olish kerak. Demak, qandaydir qonunchilik tashabbuslarini kutish qiyin.

“Shaxsan men bu taklifni o‘z vaqtida berilgan va zarur deb hisoblayman. Birinchidan, bu bizning mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi, ikkinchidan, Ichki ishlar vazirligi tuzilmalaridagi korrupsiya darajasini kamaytirishga yordam beradi. Jahon amaliyotida ham ishchi kuchi va sayyohlar uchun harakatlanish tartibini soddalashtirishga intilish kuzatilayapti”, — deydi u.

“Menimcha, Amerika qonunchiligida viza masalasi eng mukammal tartibga solingan: muddati bir yildan uch yilgacha bo‘lgan viza toifalari mavjud. Bu borada Amerika tajribasini o‘rganish zarar qilmaydi”, — deb hisoblaydi Sultongaliyev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Siyosatshunos: “Qozog‘iston migratsiya masalalarida Amerika tajribasini o‘rganishi kerak”