21:50 / 07.03.2018
53 352

Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 4-qism)

Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 4-qism)
MO‘G‘ULLAR ISTILOSI
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Chingizxon yetakchiligidagi mo‘g‘ul istilochilari 1200 yilning o‘zidayoq O‘rta Osiyo, Yaqin Sharqdagi bir qator yirik shaharlar, jumladan, Iroq, Xorazm va hokazolarni egallab, hozirgi Turkiya zaminiga ko‘z olaytira boshlashgan. Bu zaminga esa Noyan ismli dala komandiri yetakchiligidagi mo‘g‘ullar armiyasi kirib kelgan. Mo‘g‘ullar hech qachon dushmanga kamchilik askar bilan hujum uyushtirmagan. Ularning dushmanni cho‘chitish uchun o‘ylab topgan uv tortishlari, suvaraklar kabi yopirilgan holda hujumga o‘tishlari o‘ziga xos ko‘rinishga ega edi. Mo‘g‘ullar asosan shu usullar yordamida ko‘z ostiga olgan yerlarni zabt etar, o‘ta shafqatsizlarcha yo‘l tutardi. Masalan, 1229 yili Xorazmga qilgan yurishi davomida ham xuddi Chingizxon xohlaganidek, aholini yoppasiga qirish orqali ichkarilab borilgani haqida tarixchilar alohida to‘xtalib o‘tgan.

* * *
Xullas, o‘sha davrda Mo‘g‘ulistonni Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Ugedey boshqargan. U dunyoga otasidan-da beshbattar shafqatsiz, bundan tashqari, piyonista sifatida alohida mashhur bo‘lgan. Lekin aqli, davlatni boshqarish imkoniyatlarining cheki yo‘q edi. Mana, endi Ertug‘rul xuddi shu mo‘g‘ullarga qarshi kurashga otlandi. Xo‘sh, qanday? Qay sabab bilan? Tarix sahifalarida bitilishicha, kunlarning birida Ertug‘rul eng kuchli va ishonchli jangchilari bilan ketayotib uzoqda ikki armiyaning jang qilayotganini ko‘rib qoldi. Bu yerda saljuqiylar sultoni Oloviddin Kayqubodning askarlari mo‘g‘ul istilochilariga qarshi kurashayotgandi. Erto‘g‘rul bildiki, sulton armiyasi ojizlik qilmoqda. Agar shu taxlit qarab tursa, sulton jangchilari qirilib ketadi. Ertug‘rul o‘ylab o‘tirmay, mo‘g‘ullarga hujum qildi. Ko‘ribsizki, Bomsi, Turgut, Somsa, Do‘g‘an kabi jangchilar va kichik armiya mo‘g‘ullarni qirib tashladi. Omon qolganlari qochishga majbur bo‘ldi. Ana shundan keyin mo‘g‘ullar Ertug‘rul haqida to‘liq ma’lumot to‘plab, uni qanday bo‘lmasin yo‘q qilish payiga tushdi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, mo‘g‘ul askarlari suvaraklar kabi yoppasiga hujum qilish usulini qo‘llagan holda jang olib borardi. Ajoyib kunlarning birida ular Ertug‘rulning yolg‘iz otda ketayotgani haqida xabar topishdi-yu, taxminan yuz-yuz ellik kishi baravar unga tashlandi. Ertug‘rul mohirlikda, kuchlilikda, abjirlik va tajribada tengsiz edi. Biroq yolg‘izligi pand berdi. Mo‘g‘ullar uning qo‘l-oyoqlarini boylab, otga sudraklatgancha Ugedeyning ishongan dala komandiri Noyan huzuriga olib borishdi…

* * *
Bu uchrashuvni o‘ta sovuqqon, barvasta, shafqatsiz, nigohlari muz kabi yoqimsiz, hatto, o‘limga-da tik boqa oladigan, qiynoqlarni masxarali kulish yordamida yenga biladigan Noyan uzoq kutgandi. Ertug‘rul yuzlab askarlarini o‘ldirib yuborishi, mo‘g‘ullarga tan bermasligi, o‘lpon to‘lamasligi, oyog‘ini o‘pmasligi Noyanga juda-juda alam qilgandi. Shu sababli Ertug‘ruldek lashkarboshini osonlikcha o‘ldirib yuborish fikridan yiroq bo‘ldi. Uni qiynoqqa sola boshladi. Shubhasiz, Ertug‘rul ham sabr-toqatda, matonatda, chayirlik, chidamlilik, sovuqqonlikda Noyandan sira qolishmasdi. Shaxsan mo‘g‘ullar dala komandirining o‘zi kaftini oldindan o‘rnatilgan baquvvat taxtaga qo‘yib, mix qoqishiga ham chidadi, bardosh qildi. Sir boy berishni, o‘zini mo‘g‘ul bosqinchilari qarshisida ojiz ko‘rsatishni xohlamadi…

Noyan mixni Ertug‘rulning aynan qilich tutadigan chap kaftiga qoqqandi. Ana endi hech qachon qo‘liga qilich ololmasligiga ishongandi. O‘lasi qilib kaltaklangan, kaltaklar ta’sirida ezilgan, juda abgor, chala o‘lik ahvolga kelib qolgan, kaftiga mix qoqilgach, hushini yo‘qotgan Ertug‘rulni otiga ortishdi-yu, qabilasiga jo‘natib yuborishdi…

* * *
Haqiqiy botir, qahramon va jasur jangchini bu taxlit qiynoqlar sindira olmasligi Ertug‘rul misolida o‘z isbotini topdi. U tabiblar ko‘magida uzoq vaqt davolanib, nihoyat mix qoqilgan qo‘lini ishlashga, qimirlashga majbur eta oldi. Bunga qadar uni hatto akasi Kuntug‘di ham jangchilar safidan o‘chirib ulgurgandi. Hech kim Ertug‘rul yana qo‘liga qilich olishi, jangga otlanishini tasavvur eta olmagandi. U o‘zining yengilmasligini isbotladi. Temirchi amakisi Dalli Damir ota Ertug‘rul uchun sun’iy protez yasadi. Shubhasiz, protez temirdan yasalgan, uni kiysa, bas, qilich tutishga-da hojat qolmasdi. Negaki, bir marta dushmanga shu protez bilan zarba bersa bo‘ldi, o‘lim topmay qolmasdi. Ammo Ertug‘rul protez ko‘magida qilich tutishni, qilich bilan jang qilishni boshqatdan o‘zlashtirish payida bo‘ldi va maqsadiga yetdi…

Noyandan esa baribir o‘ch oldi. To‘g‘ri, bu kunni uzoq kutdi. Noyan hadeganda tutqich bera qolmadi. Lekin qismatdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Kunlarning birida Ertug‘rul o‘z qo‘llari bilan mo‘g‘ullar dala komandirini tutdi. Birinchi qilgan ishi esa mo‘g‘ul Noyanning kaftiga mix qoqishdan iborat bo‘ldi. Har holda qonga qon, jonga jon-da! Mix jazosi yakun topgach, turli yo‘llar bilan qiynoqqa soldi. Qiynoqlar to Noyanning o‘zi yolvorib o‘ldirishini so‘ramaguncha davom etdi. Keyin esa bosqinchi, qonxo‘r va xudo qarg‘agan Noyanni yana o‘z qo‘li bilan o‘ldirdi. Shunday qilib “Qayli” qabilasi mo‘g‘ullar bosqinidan xalos etildi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Usmoniy turklar sulolasining paydo bo‘lishi...(yoxud Ertug‘rul tarixiga bir nazar. 4-qism)