09:58 / 01.06.2019
4 321

Gitlerning bunkerini kim himoya qilgan edi?

Gitlerning bunkerini kim himoya qilgan edi?
Foto: ABC Historia
SSSRga qarshi hujumga tayyorlanar ekan, Gitler unga fuqarolik urushi vaqtida ko‘rsatilgan yordam uchun javob qaytarishni so‘radi. General Franko Germaniyaga yordam uchun «zangori diviziya»sini yubordi. Bu diviziya ispaniyalik ko‘ngillilardan iborat bo‘lib, 18 mingdan ziyod shaxsiy tarkibga ega edi. «Zangori diviziya»ning urushdagi ishtiroki 1943 yilda tugadi. AQSh va Angliyaning bosimi ostida general Franko o‘z ko‘ngillilarini ortga chaqirib oldi, deb yozadi Ispaniyaning ABS Historia nashri.

Lekin sovetlarga qarshi kurashni davom ettirishni istagan bir guruh ispan ofitserlari Sharqiy frontda qolib, 1,5 ming kishidan iborat «Ispaniya ko‘ngillilar guruhi»ni tuzadi va Volxov frontida jangni davom ettiradi. Mag‘lubiyatga uchrayvergach, Franko ularni ham Ispaniyaga qaytarib olib keladi va chegaralarni bekitib qo‘yadi.

Ammo ispan ko‘ngillilari turli yo‘llar bilan Germaniya qo‘l ostida bo‘lgan Fransiyaga o‘tib oladi. Bu yerda ulardan ikkita bo‘linma tuzilib, ularni fyurerni qo‘riqlaydigan Waffen SS diviziyasiga qo‘shib qo‘yishadi. Keyinroq ularni barcha chet elliklar xizmat qiladigan Vallon diviziyasiga o‘tkazishadi.

Vallon diviziyasi ham tor-mor etilgach, Migel Eskerra Germaniyaning turli joylarida urushda qatnashayotgan ispanlardan harbiy bo‘linma tuzish vakolatini oladi. «Zangori diviziya» faxriysi Eskerra 300 dan oshiq ispanlardan ko‘ngilli bo‘linma to‘playdi va Waffen SS tarkibiga qo‘shiladi. Mazkur guruh janglarda toblangani uchun sovet qo‘shinlariga o‘ta kuchli qarshilik ko‘rsatadi. Ko‘rsatgan xizmatlari uchun Gitler Eskerrani o‘z bunkerida «Ritsarlik xochi» bilan taqdirlaydi.

Eskerra bo‘linmasi doiraviy mudofaa tashkil etib, so‘nggi janglarda fyurerning bunkerini oxirgi damlargacha himoya qiladi. 30 aprel sanasida Gitler o‘z joniga qasd qiladi.

Nemislar taslim bo‘lgach, ispanlar ham taslim bo‘ladi va omon qolganlari harbiy asirlar lageriga yuboriladi. Eskerra esa qandaydir yo‘llar bilan qochib qutulib, Ispaniyaga qaytib keladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gitlerning bunkerini kim himoya qilgan edi?