
Davomli tvitlarida Tramp Ukraina bo‘yicha yetakchi mutaxassis, Vakillar Palatasidagi impichment eshituvlari markazida turgan podpolkovnik Aleksandr Vindmanni telefon muloqoti to‘g‘risida «xato ma’lumot» yetkazgani haqida yozgan.
Yakunlangan haftada AQSH tarixida uchinchi marta mamlakatning amaldagi prezidentini impichment orqali lavozimidan chetlatishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Endi Tramp Oq uy ma’muriyatidagi kadrlarni qayta ko‘rib chiqishga kirishdi.
Juma kuni AQSHning Yevroittifoqdagi elchisi Gordon Sondland prezident uni Bryusseldan chaqirib olayotganini ma’lum qilgandi.
Undan bir necha soat avvalroq esa Oq uy xavfsizlik xizmati binodan podpolkovnik Aleksandr Vindmanni chiqarib yubordi.
Uning egizagi, shu vaqtgacha Milliy xavfsizlik kengashi qoshida katta yurist sifatida ishlab kelgan Yevgeniy Vindman ham ishini yo‘qotdi: uni ortga, AQSH armiya vazirligidagi ishiga qaytarishdi.
Tramp rasmiy bayonotida podpolkovnik Vindman to‘g‘risida salbiy munosabat bildirgan va Amerika telekanallari faoliyatini tanqid qilgan.
«Men uni umuman tanimaganman va hech qachon (bilishimcha!) uchrashmaganman, ammo u telefon muloqotlarim haqida ma’lumotni noto‘g‘ri yetkazib, itoatsizlik qildi. Boshlig‘i u haqida mutlaqo yomon tavsifnoma berdi, Vindmanda vaziyatni baholash, buyruqlarga bo‘ysunish va ma’lumotlarni sir saqlash bo‘yicha muammolar bor ekan. Boshqacha aytganda - «Yo‘qol», - deya yozgan Tramp.
Vindman nega kerak bo‘lmay qoldi?

Podpolkovnik Vindman kongressda o‘z ko‘rsatmasi oqibatlaridan qo‘rqmasligini bildirgandi GETTY IMAGES
O‘tgan yilning noyabrida podpolkovnik Vindman kongressda ko‘rsatma bergandi. O‘shanda u Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida 2019 yilning 25 iyulida bo‘lib o‘tgan telefon suhbati tarkibidan tashvishda ekanini bildirgandi.
Uning ko‘rsatmalari asosida va boshqa dalillarga tayangan holda Vakillar palatasi a’zolari prezidentga qarshi vakolatini suiiste’mol qilganlik va Kongress faoliyatiga xalal berish bo‘yicha rasmiy ayblovlar e’lon qilgandi.
O‘shanda bunday ko‘rsatmalar berishdan qo‘rqmasligi bo‘yicha savolga Vindman shunday degandi: «Chunki bu Amerika... bu yerda, qonun ustuvor».
Podpolkovnik Vindmanning advokati Devid Pressman shunday degan: «Har bir amerikalik u nima uchun lavozimini yo‘qotgani va Oq uyda harbiylar soni bittaga kamaygani sababi nima ekanini biladi».
«Yer yuzidagi eng qudratli inson podpolkovnikdan qasos oldi», - deyiladi advokat bayonotida.
Juma kuni AQSH mudofa vaziri Mark Esper uning departamenti avvalgi lavozimidan qaytgan barcha xodimlarini xursandchilik bilan qarshi olishi va ularni ta’qiblardan himoya qilishini ma’lum qilgandi.
Payshanba kuni Tramp Oq uydagi dushmanlari haqida gapirib, aka-uka Vindmanlarni eslab o‘tgandi.
Aleksandr Vindman Oq uyda Ukraina masalasi bo‘yicha bosh ekspert edi. U 1975 yilda Kiyevda tug‘ilgan. 1979 yilda rafiqasi vafotidan keyin uning otasi Semyon farzandlarini olib AQSHga ko‘chib o‘tgan. SSSRni u bilan uch o‘g‘li - Leonid hamda egizaklar Aleksandr va Yevgeniy tark etgandi.
Sondland Trampga nega kerak bo‘lmay qoldi?

Sondland prezident Tramp Ukrainadan siyosiy manfaat ko‘zlaganini aytgandi
Kongressdagi ko‘rsatmalari davomida Gordon Sondland Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Oq uyga tashrifi ukrain hukumati Trampning bo‘lajak saylovlardagi asosiy raqibi Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenga qarshi tekshiruv boshlanishiga bog‘liq bo‘lishi haqida gapirgandi.
U Ukrainaga Tramp uchun siyosiy foyda olib keladigan qaror qabul qilishi bo‘yicha bosim bo‘lganini tasdiqlagandi.
O‘sha vaqtda Sondland Ukraina masalasida prezidentdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki uning shaxsiy advokati Rudi Juliani orqali ko‘rsatma olib ishlagan.
«Men prezident Trampga mamlakatga xizmat qilish imkoniyatini taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildiraman, Davlat kotibi Maykl Pompeodan ham meni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorman, shuningdek, Amerikaning Yevropa Ittifoqidagi missiyasida ishlovchi har bir odamga rahmat aytaman. Men yutuqlarimiz bilan faxrlanaman. Bu yerda olib borgan ishlarimiz faoliyatimdagi eng yaxshi davrlar bo‘ldi», - degan Sondland.
Hozircha Sondland diplomatik xizmatda qolishi yoki biznes sohasiga qaytishi bo‘yicha ma’lumot yo‘q.
Navbatdagisi kim?

Tramp Mik Malveynining izohidan keyin g‘azab otiga mingandi
Juma kuni jurnalistlar bilan gaplashgan Tramp prezident ma’muriyati boshlig‘i Mik Malveynining ishdan bo‘shagani haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi. «Munosabatlarimiz juda yaxshi», - dedi prezident.
Uning iste’fosi to‘g‘risidagi mish-mishlar o‘tgan yili Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan keyin tarqalgandi. O‘shanda Trampning Ukraina bilan kelishuvi to‘g‘risidagi savolga Malveyni shunday javob qaytarib yuborgandi: «Biz hamisha shunday qilamiz». O‘shanda Tramp bunday qaltis xatodan qattiq g‘azablangandi.
Keyinroq Malveyni o‘z izohiga raddiya bergan, bu gapi Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatilishi va 2016 yilgi saylovlar bilan bog‘liq tekshiruvlarga aloqador emasligini bildirgandi.
Lekin Vashingtonda ayrimlar Malveynining o‘rnini shimoliy karolinalik kongressmen, Trampning yaqin safdoshi, juma kuni prezident bilan uning Air Force One samolyotida uchgan Mark Medouz egallashini kutishmoqda.
So‘nggi nomzod

Jo Uolsh Respublikachilar partiyasi kultga aylanganini aytdi Foto: EPA
Shu kunlarda illinoyslik sobiq kongressmen, 2020 yil noyabrida o‘tkaziladigan saylovlarda Trampning Respublikachilar partiyasi ichidagi asosiy raqibi bo‘lishi kutilgan Jo Uolsh o‘z saylovoldi kampaniyasini yakunlagani haqida e’lon qildi.
Ayovadagi kokusda atigi 1 foiz ovoz olgan Uolsh Si-en-en muxbiriga bergan intervyusida Respublikachilar partiyasidagi vaziyat haqida gapirdi. «Men Trampni to‘xtatishni istardim. Men u - mamlakat uchun tahdid deb bilaman. Ammo Respublikachilar partiyasidagi hech kim uni to‘xtata olmaydi. Uni yengish ilojsiz».
Shu tariqa, Massachusetsning sobiq gubernatori Bill Ueld 2020 yilgi saylovlar arafasida Trampga qarshilik qiladigan yagona respublikachi bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar