date
views 4 366

Koronavirus SARS’dan o‘zib ketdi. So‘nggi ma’lumotlar

Koronavirus SARS’dan o‘zib ketdi. So‘nggi ma’lumotlar
Virusdan zararlanganlar soni 37 mingdan oshdi
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Xubey provinsiyasidagi qurbonlar soni 780 nafarga yetgan.
Jami o‘limlar soni 813tani tashkil etmoqda. Ikki o‘limdan tashqari (Filippin va Hongkong) barcha o‘limlar Xitoyning materikdagi qismida qayd etilgan.

2003 yilda 20dan ortiq davlatda SARS epidemiyasi (og‘ir o‘tkir respirator sindromi) oqibatida halok bo‘lganlar soni 774 nafarni tashkil etgan. Yangi koronavirus 37 mingdan ortiq kishida aniqlangan.

JSST yanvar oyi oxirida koronavirus tarqalishini jahon miqyosidagi favqulodda holat deb e’lon qildi.
Xitoy yangi turdagi koronavirus 2019-nCoV keltirib chiqaruvchi pnevmoniyani vaqtincha NCP deb nomladi.

«Yangi turdagi kasallikka vaqtincha «yangi turdagi koronavirus keltirib chiqaruvchi zotiljam» nomini berishga qaror qilindi. Uning ingliz tilidagi nomlanishi Novel Coronavirus Pneumonia bo‘lib, qisqartmasi NCP shaklida», deyiladi Xitoy sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi bayonotida.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida hozircha unga xalqaro nom berilmagan.

So‘nggi ma’lumotlar
Xubey provinsiyasida shanba kuni 81 kishi halok bo‘lgani xabar qilindi. Shu tariqa, ushbu hududdagi qurbonlar soni 780 nafarni tashkil etdi.
Xitoyning materik qismida qayd etilgan o‘limlarning jami soni 811taga teng.

Xitoyliklar infeksiyadan himoyalanish uchun ekstraordinar choralar ham qo‘llamoqda
Yangi 2019-nCov koronavirusi ilk marta Uxan shahrida aniqlangan, ko‘p o‘tmay bu shaharda qat’iy karantin holati joriy etilib, shaharga kirish va undan chiqish yopib qo‘yilgan.

JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus shanba kuni epidemiya asosan Xubey provinsiyasi hududida qolayotgani va so‘nggi to‘rt kunda virusdan zararlanganlar soni barqarorligicha qolganini qayd etgan.

Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, epidemiya o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetib bo‘lgani haqida xulosa qilishga hali erta, chunki bunday epidemiyalar sekinlashgach, yana yangi kuch bilan tarqalishni boshlashi mumkin.
Yakshanba kuni Xitoy hukumati Xubeydagi maktablar birinchi martga qadar ochilmasligini ma’lum qildi.

Yokogama portida karantinga olingan «Daymond Prinsess» kruiz laynerida yana olti kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ayni vaqtga kelib Yaponiyada virusdan zararlanganlar soni 96 nafarga yetgan va shundan 70 kishi mazkur kemada virus yuqtirib olgan.

«Vorld Drim» kemasida ham karantin e’lon qilingandi
Hongkongdagi «Vorld Drim» kruiz layneri ham portda tutib turilgandi, undagi yo‘lovchilarda hamda ekipaj a’zolarida virus aniqlanmadi va kemaga portni tark etishga ruxsat berildi. Kemaning sobiq yo‘lovchilaridan sakkiz nafarida koronavirus aniqlangani tufayli ular izolyatsiya qilingandi.

Hongkong hukumati Xitoyning materikdagi hududida bo‘lgan barchaga ikki haftalik karantin joriy etgan. Karantin tartiblarini buzganlik uchun katta miqdordagi jarima va qamoq jazosi tahdid soladi. Hongkongda 26 nafar bemor aniqlangan.

Payshanba kuni Uxanda 60 yoshli amerikalik vafot etgan, bu xorijliklar orasidagi ilk o‘lim holati bo‘ldi.
Shanba kuni Fransiyada besh kishi, jumladan 9 yoshli bola virusdan zararlangani tasdiqlandi, ularning barchasi Britaniya fuqarolari bo‘lib, ular yaqinda Singapurdan qaytgan britaniyalik bilan birga yashashgan. Fransiyada koronavirusdan zararlanganlar soni 11 nafarni tashkil etmoqda.

Virus haqida ilk bor dekabrdayoq xabar bergan doktor Li Venlianning o‘limi Xitoyda ko‘pchilikning g‘azabini keltirdi

Yangi virus haqida nimalar ma’lum?
- 2019-nCoV virusi - koronavirusning shu vaqtga qadar odamzodga yuqmagan variantidir.
- Koronaviruslar - viruslar oilasi bo‘lib, 38 turdagi viruslarni ichiga oladi, faqat 6tasi (yangi virus bilan - yetti) insonga yuqadi.
- Tadqiqotchilarning hisoblashicha, virus odamga hayvondan yuqqan, ammo u odamdan odamga ham yuqishi mumkin.
- Zararlanish simptomlari: harorat ko‘tarilishi, yo‘tal, nafas olish qiyinlashishi.
- Odamlarga jonivorlarga yaqinlashmaslik, yaxshi qaynatilmagan yoki yaxshi qovurilmagan go‘shtlarni yoki tuxumlarni iste’mol qilmaslik, shuningdek, shamollash yoki gripp kasalliklari belgilari mavjud bo‘lgan odamlar bilan aloqa qilmaslik tavsiya etilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus SARS’dan o‘zib ketdi. So‘nggi ma’lumotlar
-->