date
views 4 556

Putinning sobiq kuyovi 380 mln dollarlik aksiyalarni atigi 100 dollarga sotib olgani ma’lum bo‘ldi

Putinning sobiq kuyovi 380 mln dollarlik aksiyalarni atigi 100 dollarga sotib olgani ma’lum bo‘ldi
Foto: «Og.ru»
«Vajniye istorii» nashri Rossiya prezidentining sobiq kuyovi deb taxmin etiladigan, Rossiyaning eng yirik neft-kimyo kompaniyasi — «Sibur» direktorlar kengashi a’zosi Kirill Shamalovga bag‘ishlangan tekshiruvini e’lon qildi, deb yozadi Meduza. Tadqiqot Shamalovning 2003—2020 yillardagi 10 mingdan ortiq elektron xatlaridan iborat arxivga asoslanadi, ularni jurnalistlarga anonim manba taqdim etgan.

Shamalovning xatlaridan ma’lum bo‘lishicha, 2013 yilning 23—25 fevralida biznesmen Leningrad viloyatidagi «Igora» tog‘-chang‘i kurortida Vladimir Putinning qizi deb taxmin etiladigan Katerina Tixonovna bilan to‘y qilgan, ular bolalikdan tanish bo‘lgan. Jurnalistlar Shamalovning xatlari orasidan to‘y tashkilotchilari bilan yozishmalarni, mehmonlar uchun taklifnomalarni, shuningdek, to‘y suratlarini topgan.

Shuningdek, xatlarda Shamalov va Tixonovaning Rublyovkadagi Usovo qishlog‘ida joylashgan uyini jihozlash haqida ham aytiladi, uni nashr 15-17 million yevroga baholadi (yer, uy, mebel va qurilmalar bilan birgalikda). Shuningdek, yozishmalarda Fransiyaning Biarrits shahridagi uy ham tilga olinadi, uni Shamalov 2012 yil oktyabrida Putinning do‘sti, biznesmen Gennadiy Timchenkodan 4,5 million yevroga sotib olgan.

2013 yil iyunida, to‘ydan keyin ko‘p o‘tmay, Shamalov, xatlarga ko‘ra, «Sibur» aksiyalarining 3,8 foizini 100 dollarga sotib olgan, ular, Shamalovning o‘zi baholashicha, aslida 380 million dollarga yaqin narxda bo‘lgan. «Sibur» boshqaruv raisi Dmitriy Konov buni izohlar ekan, nashr jurnalistlari «noto‘g‘ri raqamlar»dan foydalanayotganini, Shamalovga aksiyalarni sotib olish bo‘yicha eksklyuziv shartlar taqdim etilmaganini ta’kidladi.

2014 yil 1 avgustda Shamalov Gennadiy Timchenkodan «Gazprombank» kreditlari evaziga «Sibur» aksiyalarining yana 17 foizini sotib oldi. Qayd etish joiz, bank direktorlar kengashiga Shamalovning akasi Yuriy ham kiradi. Yozishmalar orasidan jurnalistlar ushbu aksiyalarni «sun’iy qarzdorlik yaratish» va uni aksiyalar paketi bilan so‘ndirish orqali sotib olish sxemasi haqidagi ma’lumotlarni topdi.

2018 yil yanvarida Bloomberg agentligi Shamalov va Tixonova ajrashgani haqida xabar berdi. Shamalovning yozishmalari arxivida Tixonovaning so‘nggi xati 2017 yil 15 iyun sanasiga ega. Bundan sal avvalroq, 2017 yil aprelida Shamalov Timchenkodan sotib olingan va, Bloomberg manbalariga ko‘ra, unga dastlab Vladimir Putin tomonidan ishonch kafolati sifatida berilgan «Sibur» aksiyalarini sotgan.

Kirill Shamalov va Ketrina Tixonova «Vajniye istoriy» nashrining savollariga javob berishdan bosh tortdi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda «bunday savollar ko‘p marotaba javobsiz qoldirilgani»ni aytdi.

2018 yilda AQSh Kirill Shamalovni 24 nafar rossiyaliklar — milliarderlar va yuqori mansabli amaldorlar, shuningdek, bir nechta kompaniyalardan iborat sanksiya ro‘yxatiga kiritgan edi. AQSh moliya vazirligi ro‘yxatga «Putinning rejimidan manfaat ko‘rayotgan yoki Rossiyaning zararli xatti-harakatlarida asosiy rolni o‘ynayotgan » odamlar kiritilganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda Putinning ikkinchi qizi — Katerina Tixonovaning Kirill Shamalov bilan to‘yi 2013 yilda bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.

Putin o‘z qizlari haqida xavfsizlik kabi nuqtai nazarlardan gapirib o‘tirmasligini ta’kidlagan. «Ular biznes va siyosat bilan shug‘ullanmaydi. Ular hech qayerga burnini suqmaydi», — deydi Putin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinning sobiq kuyovi 380 mln dollarlik aksiyalarni atigi 100 dollarga sotib olgani ma’lum bo‘ldi