19:00 / 12.06.2021
2 047

Kim Chen In Putinni «Rossiya kuni» bilan tabrikladi


Foto: Reuters
KXDR yetakchisi Kim Chen In Koreya mehnat partiyasining Markaziy qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdi va mazkur tadbirda Koreya yarimorolidagi vaziyat tufayli mamlakatning mudofaa salohiyatini yanada yaxshilash masalalari muhokama etildi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib, «TASS» xabar qilgan.

«Kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan majlisda qurolli kuchlarning harbiy salohiyatini yaxshilash va milliy mudofaa umumiy ishida Koreya yarimorolidagi vaziyatga hamohang ravishda yangicha burilishlar qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi», — deyiladi agentlik xabarida.

Agentlik aynan qanday muhim vazifalar belgilab olinganligiga aniqlik kiritmagan.
Avvalroq Koreya mehnat kompartiyasi markaziy qo‘mitasining siyosiy byurosi iyun oyida yil boshida 2021 yil uchun belgilab olingan vazifalar ijrosi tahlili va muhokamasiga bag‘ishlangan yalpi majlis o‘tkazishi xabar qilingan.

Shuningdek, agentlik Kim Chen Inning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Rossiya kuni munosabati bilan tabrik yo‘llaganini ma’lum qilgan. KXDR yetakchisi o‘z maktubida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish lozimligini qayd etgan.

«Bu uzoq yillik tarix va an’analarga ega ikki mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga bo‘lgan intilishdir», — deyilgan maktubda.

Kim Chen In Pxenyan hamda Moskva o‘rtasidagi munosabatlar Putin bilan Vladivostokda o‘tgan birinchi uchrashuvdan keyin yangi bosqichga ko‘tarilgani va bu barcha sohalardagi samarali hamkorlikka xizmat qilishini qayd etgan.

«Fursatdan foydalanib, Rossiya prezidentiga mas’uliyatli vazifasida omad, mustahkam sog‘lik, rus xalqiga tinchlik va farovonlik tilayman», — deyiladi Kim Chen Inning maktubida.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kim Chen In Putinni «Rossiya kuni» bilan tabrikladi