09:20 / 23.06.2021
2 082

Qozog‘istonda koronavirusning «hindcha» shtammi tufayli karantin kuchaytirilishi mumkin


Foto: Tengrinews
Qozog‘istonda koronavirusning «hindcha» shtammi tufayli karantin choralari kuchaytirilishi mumkin. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Erali Tugjanovning so‘zlariga tayanib Tengrinews xabar berdi.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror, ammo poytaxt Nur-Sultonda «hindcha» shtamm tarqalish ehtimoli mavjud.

«Virusning reproduktiv ko‘rsatkichi 1 ga teng, ammo biz dunyoda va chegaraoldi mamlakatlarda vaziyat qanday ekanini ko‘rib turibmiz. Ya’ni koronavirusning yangi shtammlari tez tarqalmoqda. Nur-Sultonda o‘tkazilgan skrining natijalariga asoslanib, sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy bu yerda delta-shtamm (‘hindcha’ shtamm) borligini aytdi», — dedi Tugjanov hukumat yig‘ilishida.

Nur-Sulton hokimligi aniqlik kiritishicha, «hindcha»shtamm paydo bo‘lish ehtimolini hisobga olgan holda, poytaxtda 54 nafar bemor qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilgan. Bemorlarning 56 foizida delta-shtamm borligi aniqlangan.

Tugjanov shu munosabat bilan viloyat hokimlari vaziyatni nazorat qilishi kerakligini, Nur-Sulton shahri va boshqa viloyatlarda sanitariya-epidemiologik talablarni kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘rib chiqilishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gavjum joylarda ijtimoiy masofaga amal qilinishi, odamlar shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishi, shuningdek, barcha hududlarda kuzatuv guruhlarining ishi kuchaytirilishi lozim. Tugjanov viloyatlar hokimlari va barcha davlat organlari karantin choralarining qat’iy bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatishi shartligini ta’kidladi.

Tengrinews xabariga ko‘ra, 22 iyundan boshlab Olmaota koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli «sariq» zonaga o‘tdi. Shuningdek, Chimkent, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston va Qarag‘anda viloyatlari ham «sariq» zonada. Nur-Sulton esa «qizil» zonada qolmoqda.
Qozog‘istonda o‘tgan kun davomida 943 kishida koronavirus qayd etildi. Shularning 323 nafari poytaxtga to‘g‘ri keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda koronavirusning «hindcha» shtammi tufayli karantin kuchaytirilishi mumkin