11:38 / 05.08.2021
2 389

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi: Asqar Akayev tergov bilan faol hamkorlik qilmoqda


Foto: «TASS»
Qirg‘iziston birinchi prezidenti Asqar Akayev «Qumtor» oltin konini qazishda yo‘l qo‘yilgan korrupsiya haqidagi jinoyat ishi bo‘yicha tergov bilan faol hamkorlik qilmoqda. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi xabar berdi. Akayevning o‘zi shu ishda gumonlanuvchi sifatida qatnashmoqda.

Asqar Akayev 2 avgust kuni Qirg‘izistonga qaytdi. Bishkekda u avvaliga so‘roqqa tutilgan, keyin prezident Sadir Japarov uni shaxsan qabul qilgan. Rasmiylar Akayevning Kanadaning Centerra Gold Inc. kompaniyasi bilan «Qumtor» oltin koni borasidagi shov-shuvli ziddiyatda ularga yordam berishidan umidvor.

Akayev vataniga qaytib kelish imkoniyatini taqdim etgani uchun Sadir Japarovdan minnatdor ekanini bildirdi hamda «Qumtor» ishi bo‘yicha tergovga yordamlashishga tayyorligini aytdi.

Qirg‘iziston bosh vaziri apparati sobiq rahbari hamda Asqar Akayevning sobiq safdoshi Bekbolot Talgarbekov sobiq prezident Qirg‘iziston fuqaroligidan voz kechmaganini ma’lum qildi.

«Ular (Akayev va uning rafiqasi) vaqt o‘tishi bilan vataniga qaytib borishiga umid qilib kelgan, shuning uchun fuqaroligini o‘zgartirmagan. Shuncha yil davomida ular Moskvada Qirg‘iziston pasportlari bilan yashagan», — dedi Talgarbekov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Akayevlar pasportlari Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi liniyasi orqali yangilangan va Talgarbekovning o‘zi Mayram Akayevaning pasporti uchun hujjatlar to‘plashda yordam bergan.

«Asqar Akayevga men yordam bermaganman, lekin aniq bilaman, unda ham Qirg‘iziston umumfuqarolik pasporti bor. Ularning farzandlarining fuqaroligi haqida hech narsa bilmayman», — dedi Talgarbekov.

3 avgust kuni Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Temir Sariyev qo‘lga olindi. U «Qumtor» konidan atrof-muhitga yetkazilgan zarar summasini kamaytirib ko‘rsatganlikda gumon qilinmoqda.

May oyi oxirida Qirg‘izistonda yana ikki nafar sobiq davlat amaldori korrupsiyada ayblanib hibsga olingan edi. Ulardan biri Qirg‘iziston parlamentining sobiq raisi va sobiq prezident So‘ronbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekovdir.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining ta’kidlashicha, Akayev va boshqa sobiq yuqori martabali amaldorlar 1992 yilda «Qumtor» loyihasi bo‘yicha bosh kelishuvni tuzishda, 1994 yilda unga o‘zgartirishlar kiritishda, shuningdek, 2003 yilda «Kameko» kompaniyasi bilan kelishuvni qayta tuzishda korrupsiya holatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Qirg‘izistonning birinchi va ikkinchi prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevlar iyul oyi boshlarida «Qumtor» ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgandi.

Asqar Akayev 1990 yildan 2005 yilgacha dastlab Qirg‘iziston SSR, so‘ng Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti bo‘lgan. 2005 yilda to‘qnashuvlar va prezident qarorgohining qirg‘in qilinishi voqealari hamrohlik qilgan «Lolalar inqilobi» deb nomlangan davrda Qirg‘iziston prezidenti lavozimidan chetlatilgan, so‘ng u Rossiyaga qochib ketgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi: Asqar Akayev tergov bilan faol hamkorlik qilmoqda