19:27 / 21.09.2021
3 768

Olimlar COVID-19 ga qarshi o‘ta kuchli immunitet hosil qilish yo‘lini aniqladi

Olimlar COVID-19 ga qarshi o‘ta kuchli immunitet hosil qilish yo‘lini aniqladi
Foto: «RBK»
Agar COVID-19 dan tuzalgan odam koronavirusga qarshi vaksina olsa, unda infeksiyaning yangi shtammlariga qarshi yanada samaraliroq bo‘lgan «moslashuvchan» antitanalar ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda AQSHning Rokfeller universiteti olimlari tadqiqotiga tayanib, The Telegraph gazetasi yozdi. Tadqiqotning dastlabki nashri avgust oyida chiqarilgan, endilikda olimlar o‘z ishlari haqida gazetaga izoh bergan.

Tadqiqot mualliflarining izohiga ko‘ra, Pfizer yoki Moderna vaksinasining ikki dozasi COVID-19 dan tuzalgan organizmni katta miqdordagi «moslashuvchan» antitanalar ishlab chiqarishga undaydi. Bunday immunitetni mutaxassislar «aql bovar qilmas» yoki «gibrid» deb ataydi.

«Bu odamlarda vaksinaga nisbatan ajoyib reaksiya mavjud. O‘ylashimcha, ular virusga qarshi kurashish uchun eng yaxshi holatda bo‘ladi», — dedi universitet virusologi Teodor Xatsioannu.

Bunday bemorlarda aniqlangan antitanalar koronavirusning oltita mutatsiyasiga, shu jumladan delta va beta variantlarga qarshi samaradorlik ko‘rsatgan. Ular, shuningdek, laboratoriyada maxsus yaratilgan va bir vaqtning o‘zida bir nechta shtammlarni birlashtirgan mutatsiyaga dosh bera olgan. Faqatgina COVID-19 bilan kasallangan yoki unga qarshi emlanganlarning antitanalari bunday infeksiyaga dosh berolmagandi.

Ushbu tadqiqot natijasi nega COVID-19 ga qarshi emlangan odamlar ham kasallikni yuqtirib oladi, degan savolga javob bo‘lishi mumkin, deb yozadi The Telegraph.

Avgust oyida AQSH federal sog‘liqni saqlash agentligi bo‘lgan Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC), o‘z tadqiqotlari hisobotini e’lon qilgandi. Tadqiqotda infeksiyaga chalingandan keyin COVID-19 vaksinasini olgan Kentukki aholisining kasallikka qayta chalinish ehtimoli, emlangan ammo ilgari kasal bo‘lmagan odamlarga qaraganda 2,3 baravar kam bo‘lib chiqqan.

«Dalillar shuni ko‘rsatadiki, SARS-CoV-2 infeksiyasiga chalingan odamlarni to‘liq emlash qayta kasallanishdan qo‘shimcha himoya qiladi», — deyiladi hisobotda.

O‘z navbatida, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham barchaga, xoh u koronavirus bilan kasallangan bo‘lsin, xoh yo‘q, infeksiyaga qarshi emlanishni tavsiya qilmoqda.

Ayrim mamlakatlarda hukumat kasallikdan tuzalganlarga bitta doza bilan emlanishni tavsiya qilmoqda. Yevropa Kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish markaziga (ECDC) ko‘ra, Yevropa Ittifoqining to‘qqiz mamlakati COVID-19 bilan kasallanganlarga bitta in’eksiya bilan cheklanishni tavsiya qilmoqda, bunday yondashuv, xususan, Fransiya, shuningdek, Italiya va Germaniya tomonidan taklif qilingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar COVID-19 ga qarshi o‘ta kuchli immunitet hosil qilish yo‘lini aniqladi