23:47 / 30.12.2021
1 560

Putin va Baydenning navbatdagi telefon suhbatidan maqsad — murosa

Putin va Baydenning navbatdagi telefon suhbatidan maqsad — murosa
Foto: «RIA Novosti»
Rossiya va AQSH yetakchilari Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasidagi telefon suhbati «prinsipial pozitsiyalarni hisobga olgan holda» murosaga kelish uchun zarur. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Avvalroq Oq uy ikki davlat rahbarlari o‘rtasida 30 dekabr kuni navbatdagi telefon suhbati bo‘lib o‘tishini e’lon qilgan. Qayd etilishicha, yangi suhbatning tashabbuskori — Rossiya prezidenti.

«Har qanday muzokaralar yagona maqsad – prinsipial pozitsiyalarni hisobga olgan holda murosaga erishish uchun olib boriladi», — dedi Peskov. Ikki davlat rahbarlarining avvalgi suhbatidan keyin sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi, qo‘shimcha qildi u.

«Kun tartibiga kiritilgan masalalar — juda murakkab substansiyalar. So‘nggi suhbatdan beri Rossiya tomoni o‘z pozitsiyasini shakllantirdi», — dedi Kreml vakili. Prezidentlar o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng yanvarga rejalashtirilgan maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tmasligi mumkinmi, degan savolga Peskov «mumkin emas», deb javob berdi.

Oq uyning Rossiya tomonidan keskinlikni pasaytirishga urinishlar kuzatilmagani haqidagi bayonotlariga Peskov Rossiya hech qachon keskinlikning bosh manbasi bo‘lmaganini aytib, izoh berdi.

«Rossiya xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan qadamlar va choralarni ko‘radi», — dedi Putinning matbuot kotibi.

Peskov, shuningdek, davlat rahbarlarining Moskva vaqti bilan 23:30 ga (Toshkent vaqti bilan 01:30) rejalashtirilgan telefon suhbati kech ekani Putinga muammo bo‘lmasligini aytdi. «Vaqtlar o‘rtasidagi tafovutni hisobga olsak, bu juda normal soat. Bu yerda hech qanday muammo yo‘q. Bilasizmi, vaqtning allamahalligi Rossiya prezidenti uchun hech qachon muammo bo‘lmagan», — dedi matbuot kotibi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlar avvalgi, 7 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn muzokaralarida kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokamasini davom ettirish niyatida. Peskov muzokaralar o‘tkazishni Putin taklif qilganini tasdiqladi.

AQSH Milliy Xavfsizlik Kengashi matbuot kotibi Emili Xorn Bayden 30 dekabr, payshanba kuni Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazishi haqida ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarlari xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha bo‘lajak muzokaralarni ham muhokama qiladi. Xornning ta’kidlashicha, Putin suhbat o‘tkazishni taklif qilgan, Bayden esa buni qabul qilgan, chunki «Amerika rahbari Rossiya haqida gap ketganda, yetakchilar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotning o‘rnini hech narsa bosolmaydi» degan fikrni ilgari suradi.

Xornning ta’kidlashicha, Bayden «agar prezident Putin bundan manfaatdor bo‘lsa», keskinlikni diplomatik yo‘l bilan yumshatishga chaqirmoqchi. Tomonlar Moskva dekabr oyi o‘rtalarida Vashingtonga taqdim etgan xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilish niyatida. Ular orasida sobiq SSSR davlatlarini NATOga qabul qilmaslik talabi ham bor edi.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 22 dekabr kuni Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarini sharhlar ekan, ular orasida ochiqdan ochiq qabul qilib bo‘lmaydiganlari va muhokamani talab etadiganlari borligini aytgandi.

Vladimir Putin AQSH va NATOning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishdan bosh tortishiga Rossiyaning harbiy-texnik javobi «butunlay boshqacha» bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin va Baydenning navbatdagi telefon suhbatidan maqsad — murosa