Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi mamlakatda 3 yanvarda boshlangan va keyinroq zo‘ravonlik harakatiga aylanib ketgan ommaviy namoyishlar yuzasidan bayonot berdi.
«Olmaota shahridagi hodisalar – ma’muriy va harbiy ob’ektlarga hamlalar, aeroportning bosib olinishi va xorij fuqaro va yuk samolyotlarining egallanishi hujumlarni amalga oshirgan shaxslarning yuqori darajadagi tayyorgarligi va harakatlarning muvofiqlashtirilganidan dalolat beradi. Tahlillar Qozog‘iston chet elda tayyorgarlikdan o‘tgan terrorchi guruhlarning xurujiga nishon bo‘lganini ko‘rsatmoqda», – deyiladi TIV bayonotida.
Qayd etilishicha, Mang‘istov viloyatida boshlangan namoyish qatnashchilari suyultirilgan gaz narxini pasaytirishni talab qilgan. Bunga javoban gaz hamda ijtimoiy ahamiyatga molik mahsulotlar, kommunal xizmatlar narxi nazoratga olingan. Namoyishning ilk kunida qo‘lga olingan barcha fuqarolar ozod etilgan. Lekin namoyishlar davom etgan va mahalliy hokimiyat idoralariga hujumga ulanib ketgan. Buning ortidan 5 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat tartibini joriy qildi.
«Vaziyat keskin yomonlashuvi munosabati bilan prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini ham bajarishga kirishdi hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) davlatlariga aksilterror operatsiyalarini amalga oshirishda harbiy ko‘mak ko‘rsatishlarini so‘rab murojaat qildi. Favqulodda holat tartibi jamoat tartibi va qonun ustuvorligini muhofaza etishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Qozog‘iston Respublikasi huquq-tartibot idoralari va Qurolli kuchlari har qanday huquqbuzarliklarni bartaraf etishga vakolatli», – deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston davlati millati va e’tiqodidan qat’i nazar barcha aholi vakillarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, chet el fuqarolari, jumladan, diplomatlar, jurnalistlar, xorij shirkatlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha izchil choralar ko‘radi. Bayonotda Qozog‘iston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiq ekaniga urg‘u berilgan.
Qozog‘istondagi beqaror vaziyat bo‘yicha avvalroq Yevropa Ittifoqi ham bayonot bergandi. Rasmiy Bryussel Qozog‘istonni muhim hamkor deb atar ekan, masalani tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirgan. YEI fuqarolarning tinch yo‘l bilan norozilik namoyishi o‘tkazish huquqini e’tirof etgan holda, zo‘ravonlikdan qaytargan.
Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istondagi vaziyatni AQSH ham diqqat bilan kuzatib bormoqda.
«Biz zo‘ravonlik harakatlarini hamda mulklarning vayron etilishini qoralaymiz. Ham hokimiyat, ham namoyishchilarni vazminlikka chaqiramiz. Biz barcha qozog‘istonliklardan konstitutsiyaviy tuzilmalar, inson huquqlari va OAV erkinligini hurmat qilish va muhofaza etishlarini so‘raymiz», – deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi esa holatni rasman izohlar ekan, prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevni qo‘llab-quvvatlagani holda, namoyishchilarning ayrim talablarini qonuniy deb baholagan.
«Barcha muammolarni ko‘cha tartibsizliklari va qonunlarni buzish orqali emas, balki konstitutsiya-huquq va muloqot doirasida tinch yo‘l bilan hal etishga da’vat etamiz», – deyiladi rasmiy Moskva bayonotida.
Avval xabar berganimizdek, qardosh o‘lkada kechayotgan xavotirli hodisalar yuzasidan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham rasmiy munosabat bildirdi.
«Ishonchimiz komil, donishmand Qozog‘iston xalqi mamlakatda beqarorlik avj olishining oldini olishga, zo‘ravonlik va insonlar orasida qurbonlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikning uddasidan chiqadi... O‘zbekiston Qozog‘iston xalqi va rahbariyatining mamlakat barqarorligi hamda ravnaqi, millat farovonligini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlarini cheksiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi», deyiladi mamlakatimiz tashqi siyosat mahkamasi bayonotida.
S.Salim
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda