21:35 / 20.02.2022
2 171

Dunyoning olamshumul besh xazinasi: milliard dollarlik boylik va boshqalar...

Dunyoning olamshumul besh xazinasi: milliard dollarlik boylik va boshqalar...
Dunyoning olamshumul xazinalari arxeologlar guruhi hamda oddiy odamlar tomonidan kutilmaganda topib olinadigan o‘tmishdagi yerosti boyliklari hisoblanadi. Ularni o‘rganadilar, ular bilan faxrlanadilar. Eng muhimi esa, bunday dafinalar o‘tmishning shu choqqacha ma’lum bo‘lmagan sirlaridan voqif etadi...

Milliard dollarlik boylik
2011 yil iyun
. Hindiston janubidagi Keral viloyatida joylashgan Shri Padmanabxasvarni ibodatxonasining oltita yerosti koshonasidan oltin va qimmatbaho toshlardan iborat xazina topildi. Uning qiymati bir necha milliard dollarni tashkil etardi.

Mazkur topilma 500 milliard rupiyaga baholandi (7 milliard funt sterling atrofida). Bu esa ibodatxonani Hindistondagi eng boy maskanga aylantirdi. Topilmalar orasida vazni 2,5 kilogramm bo‘lgan oltin marjonlar, tilla kamon, oltin tasma, bilaguzuklar, bejirim kumushlar, bezaklar ko‘rinishidagi mayda-chuyda bir tonna oltin, qop-qop javohir, olmos va zumrad qoplangan minglab zargarlik osori-atiqalari bor edi. Shuningdek, Ost-Hind kompaniyasining 16,8 kg oltin tangalari, 18 ta Napoleon tangalari, ipak bog‘lamga o‘ralgan qimmatbaho toshlar hamda 1772 yil muhri bosilgan marvaridlar chiqdi.

Shri Padmanabxasvami XVI asrda Travankor qirolligi hukmdorlari tomonidan barpo etilgan. U Travankor hukmdorlarining qirollik butxonasi sifatida xizmat qilmog‘i kerak edi. 2011 yilning iyun oyida Oliy sud arxeologiya va o‘t o‘chirish xizmatiga ibodatxonaning maxfiy go‘shasini ochish va u yerda nimalar borligini tekshiruvdan o‘tkazish haqida ko‘rsatma berdi.

Bungacha Hindistondagi eng boy ibodatxona Andxra Pradesh janubiy shtatidagi butxona hisoblanib, u yerda 320 milliard rupiya qiymatida xazina saqlangan.

Xonumandxok xonaqohida!
2011 yil 28 iyun
. Nepalning Katmandu muzofotidagi uzoq asrlik Xonumandxok saroyi binosini ta’mirlayotgan ishchilar oltin va kumush zeb-ziynatlari bo‘lgan ulkan maxfiy xonaqohga duch kelishdi.

Eski saroy majmuining maxfiy joyida yashirilgan boyliklarga Malla hukmronligi davri sanasi qayd etilgan edi. Mazkur qirollik Pritxvi Narayan Shohning Nepalni birlashtirishdan ikki yarim asr muqaddam mavjud bo‘lgan.

Xazina uch quti qimmatbaho anjomlar, jumladan, uch kilogramm oltin va sakson kilogramm kumush taqinchoqlardan iborat edi. Mazkur boyliklar yashirilgan xonaqoh asrlar davomida yopiq holatda bo‘lgan.

Bolg‘a yo‘qotgach, dafinaga!
1992 yil 16 noyabr
. Angliyaning Saffolk grafligi Xoksn qishlog‘ida metall izlovchilar tomonidan Rim imperiyasi davriga xos kumush va oltinlardan iborat xazina topildi.

Mazkur dafina qishloq shimoli-g‘arbidan 2,4 kilometr naridagi fermerlik maydonida bo‘lgan. Bolg‘asini yo‘qotgan ijarachi Piter Uotling do‘sti, sobiq bog‘bon va metall izlovchi Erik Louzdan uni izlashda yordam berishini so‘radi. Metall izlash uskunasi bilan maydonga kelgan Louz kumush qoshiqlar, oltindan yasalgan zargarlik buyumlari, shuningdek, ko‘plab tilla va kumush tangalarni topdi. Yana bir nechta shunday qimmatbaho anjomlar kavlab olingach, ortiqcha qazib qo‘ymaslikka qaror qildilar. Shu tariqa Louz va Uotling xazina haqida zamin egasi va politsiyaga xabar qilishdi.

Keyingi kuni Saffokldan tashrif buyurgan arxeologlar jamoasi zudlik bilan qazilma ishlarini boshlab yubordi. Xazina to‘la-to‘kis bir kun mobaynida kavlab olindi. Ilmiy qazilmalar uchun yirik yaxlit qurilish materialining ma’lum qismi qoldirildi, xolos.

Uncha katta bo‘lmagan sandiqdagi xazina qimmatbaho metallardan iborat bo‘lib, navlarga ajratilgan holda alohida saralangan edi. Ayrim anjomlar kichikroq yog‘och qutilarga, boshqalari qoplar yoki gazlamalarga joylangan. Topilgan tangalar eramizgacha 407 yil sanasi bilan qayd etilgan, bu davr Buyuk Britaniyaning Rim imperiyasi viloyati bo‘lishni to‘xtatgandan keyingi vaqtga to‘g‘ri keladi. Qazib olinib, tartib bilan saranjomlangan xazina o‘sha zamonning badavlat oilasiga tegishli ekanligi taxmin qilindi.

IV asr oxiri V asr boshlari qayd etilgan 14865 ta Rim tilla, kumush va bronza tangalari, taxminan 200 ta kumush va oltin yemakxona anjomlari – xazina ana shulardan iborat edi.

Mazkur qimmatbaho topilmalarning ayrim namunalari Britaniyadagi London muzeyida, qolgani esa doimiy ekspozitsiya sifatida saqlanmoqda.
1993 yili xazinalarni baholash qo‘mitasi mazkur dafinani 1,75 million funt sterlingga baholadi. Bugungi narxda mazkur raqam 3,02 funtni tashkil etadi.

2 ming yoshli arxeologik topilma
1970 yil
. Olti kunlik urushdan so‘ng Zibenberglar turmush qurishdi va Quddusdagi eski shahar qismining yahudiylar mavzesidan uy sotib olishga qaror qilishdi.

Yangi uyga joylashgan Teo Zibenberg bu go‘sha arxeologik topilmalar ustida barpo etilganini his eta boshladi. Ayni shu vaqtda Zibenberglarga qo‘shni mavzeda yahudiy universiteti tomonidan arxeologik ishlar olib borilayotgandi. Yangiliklar to‘g‘risida gazetalarda muntazam yozilardi. Ammo arxeologlar Zibenbergning ko‘ngli sezishiga ishonchsizlik bilan qarashdi, natijada Teoning o‘zi mustaqil ravishda qazilma ishlarini olib borish va bu ishni moliyalashtirishga qaror qildi.

Uydagi qazish ishlari oz emas, ko‘p emas, 18 yil davom etdi. Bu vaqt davomida qoyaga ishlov berilgan holda barpo etilgan qadimiy yashash xonalari, diniy marosimga oid vannalar, osma quvurlar, shoh Sulaymon va vizantiya zamonidagi Birinchi, Ikkinchi ibodatxona davriga tegishli ulkan sisterna hamda daxma qoldiqlari kavlab topildi. Shuningdek, kulolchilik, shisha, qadama naqshlar, tangalar, ko‘za va qurollar bo‘y ko‘rsatdi.

Ayni kunda «Zibenberglar uyi» Quddusdagi Eski shahar muzeyiga aylangan.

Staffrdshir xazinasi
2009 yil 5 iyul. Angliyaning Staffordshir shahrida istiqomat qiluvchi Terri Gerbert uyidan uncha olis bo‘lmagan joyda xazinaga duch keldi. U o‘n to‘rt yillik metall izlash asbobi bilan dala maydonida qazilma ishlarini olib borayotgan edi.

VII asrga tegishli deb hisoblangan ushbu xazina 5 kg oltin va 2,5 kg kumushdan iborat bo‘lib, oldingi topilmalarga nisbatan ancha ko‘p edi. Xazinadagi ko‘plab anjomlar harbiy sohaga taalluqli, jumladan, qimmatbaho toshlar bilan naqsh berilgan qilichning dastasi va yassi qismidan iborat edi. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, 1500 ta buyumdan tashkil topgan mazkur kolleksiya VII yoki VIII asrlarni qamrab olib, saksonlarning Mersi qirollik xonadoniga tegishli bo‘lgan.

Metall detektori bilan 18 yil mobaynida ish olib borgan janob Gerbert do‘stiga tegishli yerda qazish bilan shug‘ullangach, xazinaga duch kelgan. U shunday izoh berdi: «Ba’zida shunday deb takrorlayman: «O‘tmish ruhlari meni tangalar mavjud bo‘lgan joyga yetaklaydi». Ammo bu safar «tangalar» o‘rniga «oltin» so‘zini ishlatdim. Nima uchun bunday deganimni bilmayman, biroq kimdir eshitdi va meni o‘sha joyga yo‘naltirdi... Balki shunday bo‘lishi kutilgandir, ehtimol, oltinlarni mening qazib olishim kerak bo‘lgandir, bu haqda bilmayman».

Xazina 3,285 million funt sterlingga baholandi va Birmingem muzeyi, kulolchilik mahsulotlari muzeyi, badiiy va rasmlar galereyalaridan joy oldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyoning olamshumul besh xazinasi: milliard dollarlik boylik va boshqalar...