14:30 / 25.02.2022
1 431

Ukrainadagi urushning birinchi kuni suratlarda: so‘nggi ma’lumotlar

Ukrainadagi urushning birinchi kuni suratlarda: so‘nggi ma’lumotlar
Foto: AFP
Ukraina tomoni harbiy yo‘qotishlari va tinch aholi orasidagi qurbonlar haqida, shuningdek, dushmanning yo‘qotishlari haqida ma’lumot bermoqda, Rossiya o‘z yo‘qotishlarini ochiqlamagan va Ukraina tomoni ma’lumotlarini tasdiqlamagan.

Blitskrig amalga oshmadi

24 fevral kuni amalga oshirilgan hujum natijasida Rossiya nazorati ostiga o‘tgan Ukraina hududlari (och yashil rangda ko‘rsatilgan).
Ukraina prezidenti kechqurungi telemurojaatida mamlakatning bir necha hududlarida harbiylar dushman hujumini qaytarganini ma’lum qildi.

«Donbassda bizning qurolli kuchlarimiz a’lo darajada harakatlandi. Xarkov yo‘nalishida ham shahar ishonchli qo‘llarda. Eng muammoli vaziyat - janubda. Bizning harbiylar Xerson atrofida qaqshatqich jang olib bormoqda», degan u.

«Dushman bosib olingan Qrimdan bosim qilmoqda va Melitopol tomonga o‘tishga intilmoqda. Mamlakat shimolida dushman Chernigov oblasti bo‘ylab sekinlik bilan harakatlanmoqda, ammo u yerda ularni to‘xtatadigan kuchlar bor. Jitomir oblastida ishonchli mudofaa o‘rnatilgan. Dushman desanti Gostomelni egallab olgan, harbiylarga ularni yo‘q qilish topshirig‘i berildi», deya qo‘shimcha qildi prezident.

Kun davomida rus harbiy aviatsiyasi Ukrainaning turli hududlarida turli ob’ektlarga zarba berishda davom etdi.

Harbiy harakatlarning boshlanishi
Ertalabki soat oltida Rossiya federal telekanallari Vladimir Putinning chiqishini namoyish etdi, u Ukraina hududida harbiy amaliyot boshlangani, operatsiyaning maqsadi - «demilitarizatsiya va denatsifikatsiya» ekani aytildi.

«Qonxo‘rlik uchun barcha mas’uliyat Ukrainadagi rejim zimmasida», degan Putin. U ukrain harbiylarini qurollarni topshirishga chaqirdi.

DXR «xalq militsiyasi» rahbari Eduard Basurin «birinchi raqamli vazifa» - Donetsk va Lugansk obalstlarining administrativ chegaralari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish va «ukrainalik siyosatchilar zulmi ostida ezilayotgan» odamlarni ozod etish ekanini aytdi. Rossiyaliklar amaliyot boshlaguncha DXR va LXR Ukrainaning bu oblastlarining uchdan bir qismini nazorat qilardi.

Ukrainaning turli regionlarida aholi otishmalar ovozlari eshitilayotgani haqida xabarlar berdi. Putinning murojaatidan taxminan bir soat vaqt o‘tib Ukraina va G‘arb nashrlarida rossiyalik harbiylar Ukraina chegarasidan o‘tib, Xarkov hududiga kirgani haqida xabar tarqaldi. Ukrain harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da Xarkovda shiddatli janglar boshlangan.

Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina armiyasining havo hujumidan mudofa tizimlari bostirilgani va Ukraina aeroportlaridagi harbiy infratuzilmalar yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Ukraina tomoni bu ma’lumotni tasdiqlamadi.

Ukraina chegara xizmati Rossiya Ukraina chegarasiga tongda Belarus qurolli kuchlari ko‘magida hujum qilganini ma’lum qilgan. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bu ma’lumotni rad etib, uning harbiylari amaliyotda ishtirok etmayotgani, ammo Rossiya prezidenti so‘rasa, unga qo‘shilishga tayyorligini aytdi.

Kunning ikkinchi yarmida Ukraina hukumati rossiyalik harbiylar chegaradagi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, Kiyev oblasti hududiga kirganini ma’lum qildi. Shuningdek, rossiyaliklarning harbiy texnikalari Belarus bilan chegara orqali Jitomir oblastiga kirgan.

Yo‘qotishlar
Rossiya va Ukrainaning harbiylar va texnik yo‘qotishlar bo‘yicha ma’lumotlari turlicha. Ukraina qurolli kuchlari vakillari Lugansk oblastida ruslarning besh samolyoti urib tushirilganini ma’lum qilgan. Rossiya mudofaa vazirligi bu xabarni «yolg‘on» deb atagan.

Ukraina Bosh shtabi Xarkov yo‘nalishida rossiyalik harbiylardan 50dan ortig‘i yo‘q qilingani haqida xabar bergan. Ammo Rossiya tomoni yo‘qotishlar haqida xabar bermadi.

Ukraina prezidenti ofisi tongdagi hujumlardan keyin Ukraina tomonining yo‘qotishi 40 nafardan oshganini xabar qilgandi.

Kun oxiriga kelib ma’lumotlar yangilandi. Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan birinchi kunda 137 nafar ukrainalik halok bo‘lgan, 316 kishi yaralangan.

CNN telekanali Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari oqibatida tinch aholi vakillaridan yuzdan ortiq kishi jabrlanganini xabar qilgan. Tinch fuqarolar orasidagi qurbonlar soni o‘nlab, hozircha aniq ma’lumotlar keltirilmadi. Donbassdagi respublikalar ham tinch aholi orasida halok bo‘lgan va yaralanganlar borligini ma’lum qilgan, ammo aniq ma’lumotlar berilmagan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Kiyev yaqinidagi «Gostomel» aeroporti ruslar qo‘liga o‘tgan, Zelenskiy aeroportni qurshab olish va bosqinchilarni yo‘q qilishga buyruq bergan. Shuningdek, Rossiya armiyasi Chernobil AESni va Xarkov oblastining bir qismini nazoratiga olgan.

Yangi sanksiyalar
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga murojaat qilgan va hozirda Ukraina talabi bilan Rossiyani SWIFT banklararo to‘lov tizimidan uzish va Ukraina osmonini parvozlar uchun yopish (jumladan harbiy aviatsiya uchun) masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Yevropa davlatlari orasida bunday sanksiyalar borasida yakdillik yo‘q.

SWIFT - sayyoraning deyarli barcha mamlakatlaridagi 11 ming moliya tashkilotlari o‘rtasida pul va boshqa qimmatliklarni o‘tkazish uchun yagona universal kanaldir. Bir yilda SWIFT orqali 5 milliarddan ortiq shunday amaliyotlar amalga oshiriladi.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiya uchun «vayronkor» sanksiyalar haqida e’lon qildi:
1. Barcha Rossiya banklari aktivlari muzlatiladi, ular Britaniya moliya tizimidan chiqariladi. VTB banki avtivlari zudlik bilan va to‘liq muzlatiladi.
2. Rossiya kompaniyalari va davlati Buyuk Britaniyadan kredit olishini taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
3. 100dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlari muzlatiladi.
4. «Aeroflot» samolyotlari Buyuk Britaniyaga qo‘nishi taqiqlanadi.
5. Rossiyaga ikki maqsadli, ya’ni harbiy maqsadlarda ham ishlatish mumkin bo‘lgan mahsulotlar eksporti taqiqlanadi.
6. Britaniya yuqori texnologiyali mahsulotlar va burg‘ilash uchun qurilmalarni Rossiyaga eksport qilishni butunlay to‘xtatadi.
7. Rossiya fuqarolarining Britaniya banklaridagi depozitlari cheklanadi.
8. Britaniya ittifoqchilar bilan Rossiyaning SWIFT tizimidan uzilishi ustida ishlamoqda.
9. Shu kabi sanksiyalar Belarusga nisbatan ham qo‘llanadi.
10. Britaniya Pasxa bayramigacha iqtisodiy jinoyatlar to‘g‘risidagi qonunga tuzatishlar kiritadi.

«Rossiyalik oligarxlar yashirinishga joy topa olmaydi», degan bosh vazir.

AQSH prezidenti Bayden ham Rossiyaga qarshi qat’iy sanksiyalar va iqtisodiy cheklovlar kiritishni va’da qildi.
«Biz jasur ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz», degan Amerika prezidenti.

Rossiyada nimalar bo‘lmoqda?

Moskva markazida urushga qarshi aksiyalar ishtirokchilarini qo‘lga olish ishlari olib borilmoqda. Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa shaharlarida ham rossiyalik harbiylarning Ukrainaga hujumini to‘xtatishni talab qilib, aksiyalar o‘tkazilmoqda.

«OVD-Info» ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning 47 shahrida aksiya ishtirokchilaridan mingdan ortig‘i qo‘lga olingan.

Shuningdek, Rossiya jamoatchilik arboblari, shou-biznes vakillari, yozuvchilar, olimlar va ko‘plab taniqli shaxslar urushga qarshi chiqishlar qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Ukraina bilan urushga muddatli xizmatga chaqirilgan yosh yigitlar ham yuborilmoqda.

Quyida urushning dastlabki soatlarida olingan suratlar e’lon qilinadi.





arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urushning birinchi kuni suratlarda: so‘nggi ma’lumotlar