00:35 / 02.03.2022
1 458

«Asosiy motivatsiyamiz – tirik qolish» — Zelenskiy Yevroparlamentda nutq so‘zladi

«Asosiy motivatsiyamiz – tirik qolish» — Zelenskiy Yevroparlamentda nutq so‘zladi
Foto: Yves Herman / Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevroparlament yig‘ilishida onlayn qatnashib, nutq so‘zladi. Oldinroq Ukraina Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishini so‘rab ariza kiritgandi.

«Qadrli do‘stlar. Oxirgi kunlarda qanday salomlashishni ham unutib qo‘ydim. Kimgadir xayrli kun, xayrli tong deb ayta olmayapman, chunki har kun biz uchun yomon kun bo‘lmoqda, ba’zilar uchun esa oxirgi kun.

Bugun o‘z vatani va ozodligini himoya qilayotgan ukrainaliklar nomidan gapiryapman. Bu yerda gapirilayotgan gaplar meni chin dildan xursand qilyapti. Bu atmosferani yolg‘iz o‘tirib his qilyapman. Sizlarni bir yerda to‘play olganimizdan xursandman, ammo bu uchun shunchalik katta tovon to‘lashimizni tasavvur ham qilmagandim.

Hozir ukrain xalqi katta fojiani boshidan o‘tkazmoqda. Urush vaqtida ham, inqilob vaqtida ham, Rossiya bosqinining besh kunida ham minglab odamlar jon berishdi. Qo‘limda oldindan tayyorlab qo‘yilgan nutq ham yo‘q, chunki biz nutq yozadigan ahvolda emasmiz. Bugun biz uchun eng katta haqiqat shuki, har kuni odamlar o‘lmoqda. Bu insonlar erkinlik uchun, inson huquqlari uchun, bugun siz bemalol foydalanadigan huquqlarga ega bo‘lish uchun jon berishmoqda. Eng yaxshi fuqarolarimiz o‘lishdi.

Ukrainaliklar fantastik odamlar. Biz boshqalardan ilgarilab ketishimiz va barcha qiyinchiliklardan chiqib keta olishimiz haqida ko‘p gapiramiz. Va buni barchangiz o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ryapsiz. Ishonaman, biz buni uddalaymiz. Ukrainaliklar Yevropa yo‘lini tanlashdi, biz bugun mana shu tanlov uchun turib beryapmiz. Ukrainaning Yevropa tanlovi sizning ham tanlovingiz ekanini o‘z og‘zingizdan eshitmoqchiman.

Siz bilan aloqamiz ba’zida uzilib qolishi mumkin, chunki bizga qarata ko‘plab raketalar otilmoqda. Ayniqsa Rossiya chegarasiga yaqin bo‘lgan Xarkov shahrida. U yerda juda ko‘p ruslar yashaydi va doim munosabatlarimiz yaxshi bo‘lgan. Xarkov universitetlari eng ko‘p shahar, xarkovlik yoshlar juda aqlli. Xarkovdagi Ozodlik maydoni Yevropadagi eng katta maydon hisoblanadi. Tasavvur qilyapsizmi, bugun ertalab o‘sha yerda ikkita raketa tashlandi, o‘nlab odamlar o‘ldi. Ozodlik uchun mana shunday qimmat tovon to‘layapmiz.

Bugun bizning chegaralarimiz yopilgan, hech kim bizning ozodligimiz uchun kurashgani Ukrainaga kira olmaydi. Endi mamlakatimizning har bir qarichi biz uchun Ozodlik maydonidir.

Biz o‘z bolalarimizni tirik ko‘rishni istaymiz, ammo bugun 7 nafar bolamiz o‘ldirildi. Prezident Putin bu shunchaki harbiy operatsiya ekani, maqsad faqat harbiy ob’ektlar ekanini aytishdan charchamayapti, lekin aslida bunday emas. Bu «harbiy operatsiya»da odamlar o‘lmoqda, kecha 16 bola o‘ldirilgandi.

Xalqimiz birdam. Biz o‘z huquqlarimiz, erkimiz va tirik qolish uchun kurashyapmiz. Aynan tirik qolish bizning asosiy motivatsiyamiz. Shuningdek, Yevropa davlatlari kabi huquqlarga ega bo‘lish uchun kurashyapmiz. Buni isbotlab bo‘ldik.

Ishoning, Yevropa Ittifoqi biz bilan faqat kuchli bo‘ladi. Sizsiz Ukraina yolg‘izlanib qoladi. Biz o‘z kuchimizni, siz bilan bir qatorda ekanimizni ko‘rsatdik. Siz ham biz bilan ekaningizni, yonimizda turishingizni ko‘rsating, haqiqiy yevropalik ekaningizni isbotlang. Shundagina hayot o‘limdan, yorug‘lik zulmatdan ustun keladi. Yashasin Ukraina
», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining nutqini qatnashchilar gulduros qarsaklar bilan qarshi olishdi. Qizig‘i, oldinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT inson huquqlari bo‘yicha yig‘ilishda onlayn nutq so‘zladi. Uning chiqishi boshlanishi bilan esa ko‘plab ishtirokchilar namoyishkorona zaldan chiqib ketishdi.

24 fevral kuni Rossiya armiyasi Ukraina hududiga bostirib kirdi. Putin bu «harbiy operatsiya» ekani va undan maqsad Ukrainani «millatchi»lardan tozalab, harbiy imkoniyatini yo‘qqa chiqarishligini aytgan.

Vladimir Zelenskiy1, Yevroparlament yig‘ilishi1, Yevropa Ittifoqi1, Nutq so‘zlash1 Ukraina va Rossiya urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Asosiy motivatsiyamiz – tirik qolish» — Zelenskiy Yevroparlamentda nutq so‘zladi