
Evropadagi eng yirik AESda roʻy bergan yongʻin.
Foto: Reuters
Dunyo yirik yadro halokatidan omon qoldi, deydi gʻarblik diplomatlar. Gap shundaki, Ukraina hududiga bostirib kirgan Rossiya qoʻshini juma kuni Energodar shahrida joylashgan Zaporoje atom elektrostantsiyasini oʻqqa tutgan. Oqibatda Evropadagi eng yirik AESda yongʻin kelib chiqqan.
Strategik ob'ektda yongʻin chiqishi ortidan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Rossiyadan oʻt ochishni toʻxtatishni talab qildi va yadro ob'ekti portlagudek boʻlsa Chernobil avariyasidan oʻn karra kuchli fojia roʻy berishidan ogohlantirdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy zudlik bilan dunyo etakchilari hamda Atom energetikasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE) rahbariyatiga qoʻngʻiroq qildi. MAGATE rahbari Rafael Grossi harbiylarni AES tegrasida qaltis harakatlar sodir etishdan qaytardi.
Zaporoje AESda roʻy bergan favqulodda holat BMT Xavfsizlik kengashida ham muhokama qilindi.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliya Nebenzya Zaporoje AES oʻqqa tutilganini rad etdi va rus qoʻshini ob'ektni oʻz nazoratiga olib, xavfsizlikni ta'minlayotgani, radioaktiv moddalar tarqalishi xatari yoʻqligini qayd etdi.
Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa AESga qilingan hujumni yadro terrorchiligi deb atadi. Diplomat, shuningdek, rossiyalik hamkasbining bayonoti yolgʻon ekanini urgʻuladi. Sergey Kislitsa AESning yadro xavfsizligiga mas'ul bir necha xodimi Rossiya askarlari tomonidan oʻldirilganini ma'lum qildi.
AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild esa rossiyalik harbiylarning xatarli harakati sabab dunyoda ulkan yadro halokati roʻy berishiga bir baxya qolganini ta'kidladi. AQSh vakili AESdagi favqulodda holat nafaqat Ukraina yoki Rossiya, balki butun Evropa uchun ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytdi.
Koʻplab mutaxassislar ham yadro reaktorlaridagi jiddiy nosozliklar Chernobil yoki Fukusima kabi halokatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda.
Ayni paytda Ukraina tomoni AESlar boʻylab 30 km radiusda harbiy harakatlarni butkul cheklashni talab qilmoqda.
Zaporoje AES 1986 yilda barpo etilgan boʻlib, 6 ta energiya blokiga ega. Avvalroq Ukrainadagi boshqa bir yadro ob'ekti – Chernobil AES Rossiya nazoratiga oʻtgani xabar qilingan edi.
Yirik yadro halokati1 Eng yirik AES1 Zaporojye atom elektrostansiyasi1 Rossiyalik harbiylar1 Rossiya va Ukraina urushi Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar