17:42 / 03.04.2022
1 496

Ramazon sharofati bilan qonli urushda tanaffus e’lon qilindi

Ramazon sharofati bilan qonli urushda tanaffus e’lon qilindi
Foto: Reuters.
Yamandagi husiy isyonchilari va hukumat kuchlari ot ochishni to‘xtatishga kelishdi. Ramazoni sharif munosabati bilan erishilgan sulh 2 oy davom etadi. Bu haqda BMTning Yaman bo‘yicha maxsus vakili Hans Grundberg ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bir-biriga muxolif bo‘lgan ikki tomon havo, yer va dengizda hujum amaliyotlarini to‘xtatib turishga rozi bo‘lgan.

«Muvaqqat sulh bitimidan ko‘zlangan maqsad zulmu zo‘ravonlik domida qolgan yamanliklarga tin olmoq uchun imkon berish, mushkullarni oson qilish, eng asosiysi, ushbu ziddiyat barham topishiga umid uyg‘otishdan iboratdir», – deydi Hans Grundberg.

BMT maxsus vakili, shuningdek, tomonlar o‘rtasida siyosiy muloqotni kuchaytirish orqali harbiy ziddiyatga butkul barham berish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

Muvaqqat bitim AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan olqishlangan.

«Bu – muhim qadam, albatta, ammo hali yetarli emas. O‘t ochishni to‘xtatish bitimiga qat’iy rioya etilishi kerak. Avval ham ta’kidlaganimdek, ushbu urushga imkon qadar tezroq yakun yasamoq lozim», – degan AQSH prezidenti Jo Bayden.

Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylar hamda Saudiya Arabistoni ko‘mak ko‘rsatayotgan hukumat kuchlari o‘rtasidagi harbiy ziddiyat 2014 yildan buyon davom etmoqda. O‘sha yili husiylar poytaxt Sana shahrini egallab, prezident Abd Rabbu Mansur Hodiyni hokimiyatdan chetlatgan edi. 2015 yil mart oyida esa Saudiya Arabiston va BAA boshchiligidagi harbiy koalitsiya Hodiy ma’muriyatini tiklash uchun amaliyot boshladi.

8 yillik qonli urush gumanitar inqirozga olib keldi. Harbiy to‘qnashuvlarda 150 ming kishi, jumladan, 14500 tinch aholi vakili halok bo‘ldi. BMT Yamandagi gumanitar holatni juda og‘ir deb baholamoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ramazon sharofati bilan qonli urushda tanaffus e’lon qilindi