13:50 / 17.04.2022
2 587

Zelenskiy: Mariupolda qolgan ukrainalik askarlar o‘ldirilsa, Rossiya bilan muzokaralarga nuqta qo‘yiladi

Zelenskiy: Mariupolda qolgan ukrainalik askarlar o‘ldirilsa, Rossiya bilan muzokaralarga nuqta qo‘yiladi
Foto: Ukraina prezidenti ofisi
Kiyev Mariupolda qolgan ukrainalik harbiylar o‘ldirilgan taqdirda Moskva bilan muzokaralarni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina internet nashrlariga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozmoqda «Ukrainskaya pravda».

Zelenskiyning aytishicha, Mariupoldagi ukrainalik harbiylarga yordam berish uchun «turli darajalarda» muzokaralar olib borilmoqda. Shuningdek, u Ukraina rasmiylari «qamaldagi zavodda qolayotgan yigitlar bilan aloqada» ekaniga ishontirdi. (Gap Mariupolning shimoliy qismida joylashgan «Azovmash» zavodi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, u yerda Ukrainaning 36-dengiz piyodalari brigadasi askarlari rus qo‘shinlari tomonidan o‘rab olingan.)

«Shuni aytmoqchimanki, harbiylarimiz, yigitlarimizning yo‘q qilinishi barcha muzokaralarga nuqta qo‘yadi. Chunki biz hududlarimiz va xalqimiz ustida savdolashmaymiz», — dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Mariupolda vaziyat juda og‘ir — u yerda oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar yo‘q. Ukraina tomoni yaradorlar, ayollar va bolalar uchun gumanitar yo‘laklarni kelishib olishga urindi, biroq Rossiya buni rad etdi, dedi prezident.

Zelenskiyning aytishicha, Mariupoldagi yana bir muammo shaharda odamlarning g‘oyib bo‘layotgani: «Ko‘p odamlar g‘oyib bo‘ldi, qancha odam g‘oyib bo‘lganini bilmaymiz».

«Mariupolni nima qutqarishi mumkin? Bu imkon qadar tezroq ta’minlanishi kerak bo‘lgan kuchli qurol. Ikkinchisi — muzokaralar masalasi. Yaradorlarni olib ketish uchun sulh juda zarur. Ammo bu Rossiyaning xohishiga bog‘liq. Ular xalqimizni taslim bo‘lishga chaqirmoqda», — ta’kidladi Zelenskiy.

«Interfaks» Rossiya Milliy mudofaa nazorati markazi rahbari Mixail Mizinsevga tayanib, xabar berishicha, Rossiya harbiylari 17 aprel kuni Mariupoldagi ukrainalik askarlarga qurollarini tashlashni taklif qilgan.

«Qurolini tashlagan har bir kishiga hayotning saqlanishi kafolatlanadi», — dedi Mizinsev.

Uning ta’kidlashicha, gap «Azovstal» metallurgiya zavodida halokatli vaziyatda qamalda qolayotgan «millatchi tuzilmalarning jangarilari va chet ellik yollanma askarlar» haqida ketmoqda.

Rossiya vakiliga ko‘ra, Mariupolda 1464 nafar ukrainalik harbiy xizmatchi qurollarini tashlab, taslim bo‘lgan.

«Ularga hech qanday zo‘ravonlik va ruhiy bosim qo‘llanilmaydi. Har kimga o‘z yaqinlari bilan bog‘lanish imkoniyati yaratilgan. Yarador harbiy asirlarga o‘z vaqtida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda», — dedi Mizinsev.

16 aprel kuni kechqurun Rossiya harbiy boshqarmasi Mariupolning butun shahar hududi Azov tuzilmasi, xorijiy yollanma askarlar va Ukraina qo‘shinlaridan «tozalanganini» e’lon qilgan. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy: Mariupolda qolgan ukrainalik askarlar o‘ldirilsa, Rossiya bilan muzokaralarga nuqta qo‘yiladi