Foto: Sergey Bobilev / TASS
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov armiya Ukrainada «maxsus amaliyotning ikkinchi bosqichi»ni boshlagani haqida ma’lum qilgandi. Kiyevdagilar ham hal qiluvchi janglar boshlanib ketganini aytishgan. Ammo hozircha Donbassdagi vaziyat jiddiy o‘zgargan deyish qiyin: Rossiya armiyasi va DXR hamda LXR kuchlari faollashgan, ammo qat’iy harakatlarga qo‘l urilgani yo‘q. Ochiq ma’lumotlarga asoslangan holda qaysi yo‘nalishlardan hujum bo‘lishi haqida aniq xulosaga kelish qiyin. Amaliyotga tayyorlanish uzoq davom etayotganining ajablanarli tomoni yo‘q: o‘rtaga ko‘p narsa tikilgan. Urush natijasi, katta ehtimol bilan, operatsiyaning qanday shakli tanlanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Rossiya tomoni urushning ikkinchi bosqichidan maqsad Donbass va Janubiy Ukraina ustidan to‘liq nazorat o‘rnatib, anneksiya qilingan Qrimga yo‘lakni ta’minlash, shuningdek Moldovadagi Dnestrbo‘yiga yo‘l ochish ekanini bildirgan. Ukraina bilan tinchlik muzokaralari ham muzlab qolgan, «Moskva» kreyseri halokatidan g‘azablangan Putin endi Ukrainaning imkon qadar ko‘proq hududini egallab olishni istamoqda.
Lekin hozircha Donbassda hal qiluvchi janglarni eslatuvchi voqealar ro‘y bermayapti. Rossiya qo‘mondonligi hal qiluvchi g‘alabaga erishmoqchi bo‘lsa, qator muammolarini bartaraf etishi kerak. Ukrain armiyasi ham kuchlarini Donbassda jamlamoqda.
Ukraina armiyasining mamlakat sharqidagi pozitsiyalari bir qadar ustunliklarga ega. Bu pozitsiyalar shimol va sharqdan Shimoliy Dones daryosi bilan o‘ralgan, bu esa texnikalar va ta’minotchi kolonnalarni olib o‘tishda jiddiy muammo tug‘diradi. Rossiya armiyasi bu daryo bo‘yida, Izyum shahridan janubda birgina platsdarm (harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘riladigan maydon) o‘rnata olgan, ukrain kuchlari esa bir necha platsdarmlarga ega: Chuguyev va Limandan Severodonetskkacha — bu nuqtalar orqali Rossiya harbiylari ustiga qarshi hujum uyushtirish mumkin.
Janubdan, Donetsk yo‘nalishida Ukraina qo‘shinlari so‘nggi yetti yil davomida (mintaqadagi urushning birinchi fazasi yakunlangan 2015 yildan buyon) Donbassdagi respublikalar bilan tutashuv chizig‘ida barpo etilgan, artilleriya bilan mustahkamlangan istehkomlarga tayanadi. Ikki oydan buyon rossiyalik harbiylar va Donbassdagi ikki «respublika» kuchlari bu istehkomlar zanjirini yorib o‘ta olmadi.
So‘nggi haftalarda rossiyalik harbiylar, katta ehtimol bilan, quyidagi muammolarni hal qilishga tayyorgarlik ko‘rish bilan mashg‘ul bo‘lishdi:
- Kiyev va Chernigovdagi harbiy harakatlarda qatnashgan qismlarni Donbassga olib o‘tish jarayonini yakunlash. Izyumdan janubdagi hududda avval Kiyevdan shimol va g‘arbdagi hududlarda ko‘zga tashlangan desant qismlar paydo bo‘lgan.
- LXR va DXR kuchlari Donetsk va Lisichansk shaharlari atrofidagi mustahkamlangan sanoat zonalari va shaharlar orqali o‘tishga urinmoqda.
- Lisichanskdan sharqda ular Rossiya zaxira kuchlari yordami bilan Rubejnoye shahrining katta qismini egallagan. Janubda — Popasnaya shahrining bir qismi ayirmachilar nazoratiga o‘tgan.
- Limandan shimolda, ukrainlarning Shimoliy Dones daryosi bo‘yidagi platsdarmiga yurish boshlangan. Katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘mondonligi dastlab ushbu platsdarmni bartaraf etib, Izyumdagi qo‘shinlari xavfsizligini ta’minlamoqchi va/yoki Donetsni shu yerdan kechib o‘tib, Slavyanskka sharqdan hujum qilmoqchi.
- DXR kuchlarining katta qismi Mariupol qamali bilan band edi. Bu yerga avval Kiyev atrofida jang qilgan Tinch okeani flotining dengiz piyodalari ham tashlangan. Endi prezident Vladimir Putin shahardagi ukrain harbiylarining so‘nggi mudofaa qal’asi — «Azovstal» zavodini shturm qilishni to‘xtatishga buyruq bergan. DXR kuchlarini boshqa uchastkalarga ko‘chirish boshlangan.
- DXR kuchlari Donetskning g‘arbidagi hududlarga — Marinkaga yurish qilishni to‘xtatgan. Endi shahar to‘liq ukrain harbiylari nazoratida.
- G‘arbda — Velikaya Novoselka va Gulyaypole hududida — Ukraina bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar yurishni 19 aprel kuni boshlagan, ammo hujumlar muvaffaqiyat keltirmagan. Shunga qaramay, mustahkamlangan hududlar va yirik suvli to‘siqlar mavjud bo‘lmagan aynan shu yo‘nalish kelgusida Rossiya yurishlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkin.
Rossiyaning yurishlari qanday ko‘rinish olishi mumkin?
Meduza bir necha ehtimoliy variantlarni ko‘rib chiqdi. Ularning har birining Rossiya kuchlari uchun o‘z plyus va minuslari bor, ammo hech biri muvaffaqiyatni kafolatlamaydi.
1-ssenariy. Katta qurshov
Rossiya armiyasi Ukrainaning Donbassdagi butun guruhini qurshovga olish uchun shimoldan (Izyumdan janubdagi platsdarmdan) Barvenkovo orqali va janubdan (Velikaya Novoselka va Gulyaypole hududidan) hujum qilishi mumkin.
- Bu variantning plyus tomoni. Bu yo‘nalishda yirik aglomeratsiyalar ham, ukrainlarning mustahkamlangan istehkomlari ham yo‘q. Muvaffaqiyatga erishilsa, bunday amaliyot Rossiya rahbariyatini ko‘zlangan siyosiy maqsadga yaqinlashtirishi mumkin: Donetsk va Lugansk oblastlarining hududlari to‘liq nazoratga olinishi va Ukraina armiyasining katta qismi mag‘lubiyatga uchratilishi. O‘n minglab ukrain askarlari qurshab olinishi Kiyev bilan muzokaralarda ustun pozitsiya taqdim etadi.
- Bu variantning minus tomoni. Hozirda bunday katta amaliyotda muvaffaqiyatga erishish ehtimoli juda kam. Bunday katta ko‘lamdagi rejani amalga oshirish uchun Rossiya qo‘shinlari shimol va janubda jang bilan 120 kilometrdan oshiq masofani bosib o‘tishdan tashqari, qanotlarda asosiy kuchlarni panalovchi ishonchli askariy qismlar ham tashkil etish kerak: ukrainlar Xarkov, Poltava, Dnepr va Zaporojedan ham, qurshovda qolayotgan hududdan (Slavyansk, Kramatorsk) ham hujum qilishi mumkin. Buning uchun esa yetarlicha kuch yo‘q. Donbassdagi amaliyotda, Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 90 ga yaqin batalon taktik guruhlari, ya’ni 70–90 ming atrofida harbiy (shu vaqtgacha «Azovstal» qamalida bo‘lgan qo‘shinlar ham shuning ichida) ishtirok etishi mumkin; bu esa Ukrainaning qariyb shuncha harbiydan iborat katta guruhini qurshovga olish uchun yetarli bo‘lmaydi. Shu bilan birga, bu batalonlarning 12 tasi hozirgacha Mariupoldan Donbassga olib o‘tilgani yo‘q. Bunday amaliyotning eng ehtimoliy natijasi — ukrain armiyasining qanotlardan qilgan hujumlari ostida yurishning to‘xtatilishi bo‘ladi.
2-ssenariy. Frontning bo‘linishi
Mudofaani izdan chiqarish va Ukraina armiyasi kuchlarini holdan toydirish uchun bir necha ketma-ket operatsiyalar.
- Bu variantning plyus tomoni. Tashabbusni qo‘lga olgan holda, ukrainlarning turli guruhlariga son jihatdan ustun bo‘lgan kuchlarni qarshi qo‘yish mumkin.
- Bu variantning minus tomoni. Bunday kurash Kremlga tezkor g‘alaba va siyosiy maqsadlarga erishishni va’da qilmaydi. Urush cho‘zilgani sari Ukraina kuchlari ustunlikka erisha boshlashi mumkin: mamlakatda safarbarlik ketmoqda, armiya jonli kuchlar bilan to‘ldirilmoqda, G‘arb esa sekinlik bilan bo‘lsa-da, og‘ir qurollar yetkazib berishni boshlagan. Rossiya esa hamon tinchlik davridagi muntazam armiya bilan urushmoqda.
3-ssenariy. Kichik qurshov
Izyum janubidagi platsdarmdan (Slavyansk va Kramatorsk) va Donetsk hududidan front chizig‘ini yorib o‘tishga urinish.
- Bu variantning plyus tomoni. Birinchi ssenariyga qaraganda kichikroq ko‘lamdagi hujum, muvaffaqiyat Kremlni siyosiy maqsadlarga erishishga yaqinlashtiradi, shu bilan birga yo‘qotishlar xavfi kamroq bo‘ladi.
- Bu variantning minus tomoni. Hujum shimolda Kramatorsk va janubda Donetsk atrofidagi mustahkam himoyalangan hududlar bo‘ylab kechishi kerak. Katta ehtimol bilan, bunday yurish orqali yorib o‘tishga muvaffaq bo‘linmaydi; muvaffaqiyatsizlik birinchi va ikkinchi variantlarning minuslarini ham o‘zida aks ettiradi: mustahkamlangan pozitsiyalar shturm qilinishidagi holdan toyishlar ham, ukrainlarning qanotlardan qiladigan hujumlaridan yo‘qotishlar ham bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Qatarga qarshi qilish kerak bo‘lgan ishni qilmadik!